Cho'chqa grippi tufayli haj safariga cheklovlar qo'yilmoqda

Arab davlatlarining sog’liqni saqlash vazirlari H1N1 virusi epidemiysidan qo’rqib, bu yil haj safariga cheklov qo’ymoqda. Xabarlarga ko’ra, 12 yoshdan kichik va 65 dan katta fuqarolar Makkaga kiritilmaydi.

Arab dunyosida virus tarqaladi degan xavotir hukmron ekan, rasmiylar ba’zilar uchun avgust oyida umra, noyabrda esa haj safarini taqiqlashga qaror qilgan.

Avvalroq bu yilgi haj safari umuman bekor qilinishi mumkin, degan taxmin bor edi.

Qohirada favqulodda yig’ilish o’tkazgan sog’liqni saqlash vazirlari bolalar, keksalar va salomatligi zaif odamlarni bu gal yo’lga chiqmaslikka chaqirmoqda.

Ziyoratchilarga viza beruvchi Saudiya Arabistoni bu tashabbusni bir oy oldin olg’a surgan. Qirollikda bir necha kishida H1N1 virusi aniqlangan.

Millionlab odamlar yig’ilgan Makkada virus bir odamga yuqsa kifoya – haj paytida epidemiya boshlanishi aniq, deydi rasmiylar.

Saudiya Arabistoni Sog’liqni saqlash vaziri Abdulla al-Robiyaning aytishicha, mamlakatda ehtiyot choralari ko’rilmoqda, epidemiya ehtimoli sabab qo’shimcha vaksinalar g’amlanmoqda.

“Bu bilan ziyoratchilar sog’lig’ini muhofaza qilmoqchimiz,” – deydi vazir.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Husayn Gezayriy deydiki, ziyoratchilar yo’lga chiqishdan oldin, yangi talab-shartlarni ko’zdan kechirishlari zarur. Ularga javob bermagan shaxslarga viza berilmaydi, deydi u.

Saudiya Arabistoni sog’liqni saqlash vazirligi jarayon qanday o’tishi, kimlar haj safariga ruxsat olishini bayon qilgan. Viza uchun hujjat topshirgan odamlar nomzodini alohida tibbiy markazlar tekshiradi, deydi rasmiy.

Yaman So’gliqni saqlash vaziri Abdul Karim Rasoiyning aytishicha, kasallikka uchrashi oson bo’lgan odamlar uchun haj safarini man qilish qarori uzoq tortishuvdan so’ng qabul qilingan.

O’tgan yili ikki million musulmon haj amalini bajargan. Yangi qoida bu yilgi ziyoratchilar soniga ta’sir qilish-qilmasligini hozir aytish qiyin.

H1N1 virusi, cho’chqa grippi deya tanilgan kasallik shu paytgacha qariyib 800 kishining yostig’ini quritgan.