Kelasi 100 yilga bashorat...



Urushlar bo'ladi, aholi kamayadi

Texasda joylashgan Stratfor tahlil markazi asoschisi va rahbari Jorj Fridmen (George Friedman) ayni damda do'stona aloqada bo'lgan davlatlar kelajakda bir-biriga qarshi fazoviy urush olib boradi, dunyo aholisi soni kamayib, sanoatlashgan davlatlar ishchi migrantlar uchun kurashadi, Polsha, Turkiya, Meksika va Yaponiya qudratli davlatlarga aylanadi deya bashorat qilgan.

Fridmen "Kelasi 100 yil" deb nomlangan yangi kitobida dunyoda bo'ladigan o'zgarishlar haqida yozgan.

Soni tobora oshib borayotgan jahon aholisini boqish global miqyosda eng ko'p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri.

Ammo, deydi Jorj Fridmen, kelajakda bu muammo o'z-o'zidan yo'qoladi, chunki jahonda tug'ilish sur'ati pasayib, aholining katta qismi keksalardan iborat bo'ladi.

"Bir tomondan hamma aholi keskin ko'payadi degan xavotirda. Boshqa tomondan jamiyatlarda qariyalar soni ko'paymoqda. Qariyalar olamdan o'tgach, masalan Germaniya va Rossiyada aholi 25-30 foizga kamayadi," deydi Fridmen.

Muhojirlarni jalb qilish uchun kurash boshlanadi

Unga ko'ra, bu kabi davlatlar taraqqiy etishi uchun rivojlanayotgan mamlakatlardan muhojirlarni taklif etish kerak bo'ladi.

"Ishchi kuchi kamayib borar ekan, sanoatlashgan davlatlarda ularga ehtiyoj tug'iladi, chunki ba'zi ishlarda ehtiyoj kattaroq bo'lishi mumkin, bu esa muhojirlar uchun raqobatni kuchaytiradi," deydi tahlilchi.

Aholi sonini tushirishga qaratilgan dasturlar bilan shug'ullanuvchi mutaxassislar tez xulosa qilmaslikka chaqiradi.

Elizabet Medsen Fridmen bashoratlariga shubha bilan qaraydi.

"BMT hisoblariga ko'ra, kelajakda dunyo bo'ylab tug'ilish sur'ati pasayadi. Ammo hozirgi raqamlarga nazar tashlasangiz, rivojlangan davlatlarda ham, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham buning aksiga guvoh bo'lyapmiz," deydi u.

Medsenga ko'ra, tug'ilish sur'atini cheklovchi dasturlar amalga oshirilmas ekan, Fridmenning aholi soni keskin kamayadi degan bashoratlari o'z-o'zidan sodir bo'lmaydi.

Jorj Fridmen qarama-qarshi fikr tarafdorlari bilan bahslashishdan foyda yo'q, muammo bir asrdan so'ng hal bo'ladi deydi.

Uning nazarida eng jiddiy muammo - bu iqlim o'zgarishi bo'lib, kelajakda quyoshdan toza energiya olish ommalashadi.

"Energiyani quyoshdan oluvchi moslamalar fazoga o'rnatilib, quvvat keyin yerga uzatiladi. Buni ikki yo'l bilan qilish mumkin: kabel orqali yoki mikroto'lqin nurlanish bilan," deydi u.

Polsha va Turkiya qudratli davlatlarga aylanadi

Fridmen kitobida siyosiy jarayonlar ham tilga olinadi.

Masalan, uning aytishicha, Polsha va Turkiya qudratli davlatlarga aylanadi, asr oxiriga borib esa Meksika AQShning Shimoliy Amerikadagi eng yirik raqobatchisi bo'ladi.

"Meksika qudratli bo'ladi. 100 million kishilik aholiga ega. AQSh bilan chiqisha olmaydi. AQSh esa Meksika bilan. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas. Bu evolyutsion jarayon," deydi Fridmen.

Ikki mamlakat o'rtasidagi savdo aloqalari kuchli bo'lishiga qaramay, deydi Fridmen, AQShning Meksikadan kelayotgan noqonuniy immigratsiya va qoradori savdosiga, Meksikaning esa AQShning mintaqadagi hukmron pozitsiyasiga nisbatan noroziligi kuchayadi.

Bashorat, xolos

Fridmen bashoratiga ko'ra, kelasi 10-20 yil ichida bir necha davlatlar Qo'shma Shtatlar mavqeiga putur yetkazishga harakat qiladi, ammo hech birining, hattoki kuchayib borayotgan Xitoyning qo'lidan ham bu ish kelmaydi.

"Bu vaqt oralig'ida biron-bir mamlakat AQShdan o'zib ketadi deb o'ylashga asos yo'q," deydi bashoratchi.

Jorj Fridmen "men avliyomasman, bashoratlarim 100 foiz aniq bo'lmasligi mumkin, ammo bunga faqatgina 100 yildan keyin baho bersa bo'ladi xolos" deydi.