Xitoy hukumati: Yuan qiymatini tanqid qilish o'rinsiz

Amerika va Xitoy ko’pgina xalqaro masalalarda kelisha olmasada, iqtisod va savdo-sotiqda bir-biriga tayanadi.

Xitoy AQShning eng yirik kreditori, Amerika esa Xitoy mahsuloti uchun katta bozor.

Oq uy va qonunchilar nazarida, bu davlat milliy valyutasi - yuan qiymatini sun’iy arzonlashtirish, ya’ni manipulyatsiya hisobiga eksportini oshirib kelmoqda. Maqsad dunyoga ko’proq mahsulot sotish.

Vashington bu borada shikoyat qilishdan to’ygan va javob choralari haqida ogohlantirmoqda.

Xitoydan arzonga sotib olingan mol Amerikaga qimmatga tushmoqda. AQSh hukumati va qonunchilarining da’vo qilishicha, Xitoy valyutasi kursining dollarga nisbatan doimo past yurishi mahalliy bizneslarga qo’l kelmoqda.

Senator Charlz Shumer Xitoyga nisbatan jazo tarifflari joriy etishga undayotgan qonunchilardan biri. Orani ochiq qilib olish payti yetdi, deydi u.

“Xitoyliklar, nazarimda, erkin savdoga tupurib qo’ygan. Boshqalar bilan nuqul o’z iqtisodiy ravnaqini o’ylab savdo qilish - g’irt manfaatparastlik. Xitoy hukumati o’zi bu yo’ldan qaytmas ekan, ularni majburlaymiz”, - deydi Shumer.

Pekinning valyuta siyosatidan norozi qonunchilar prezident Barak Obamani masalani ko’ndalang qo’yishga chaqirmoqda. Odatda har mavzuda janjallashib yuradigan demokrat va respublikachilar bu borada yakdil. Yuan kursini bozor belgilasin, deydi senator Lindzi Grexem, chunki:

“Xitoydek jahon bozorida salmoqli hissaga ega davlat pul qiymatini nazorat qilishi butun dunyoda aks-sado beradi”.

Oq uy Xitoyni jazolash maqsadida Kongress tayyorlayotgan qonun loyihasiga munosabat bildirganicha yo’q. Obama Xitoy rahbarlari bilan yuzma-yuz muzokarani ma’qul ko’radi. Yuan qiymati masalasi har bir uchrashuvda ko’tariladi, ammo natijadan darak yo’q.

Xitoy Bosh vaziri Ven Tsiabaoning ta’kidlashicha, yuan qiymati joyida. Uni qayta ko’rib chiqish talabi o’rinsiz. Amerikadan yangrayotgan bunday talablar, deydi u, aloqalarga putur yetkazadi.

Bu degani, Xitoy hukumati yechim qidirish u yoqda tursin, muammoni hatto tan olayotgani yo’q. Region bo’yicha mutaxassislar nazarida iqtisodiy siyosat bu mamlakatda bo’layotgan o’zgarishlar bilan chambarchas bog’liq.

“Bosh vazir Ven Tsiabao bu qattiq gaplarni Qo’shma Shtatlarga yoki prezident Obamaga qarata aytayotgani yo’q. Bu o’jarlik ham emas. Kommunist rahbarlar xalq kayfiyati bilan hisoblashadigan bo’lib qolgan. Ular uchun milliy manfaatlar birinchi o’rinda”, - deydi tadqiqotchi Charlz Friman.

O’z navbatida Amerika xalqi va qonunchilari ham prezident Obamani tinch qo’ymaydi. Savdo bo’lsa, adolatli bo’lsin, deydi ular. Ishsizlik hozir eng katta muammo. Axir eksportini oshirib, minglab ish o’rinlari yaratish mumkin.

Lekin president Obama hozircha umumiy gaplar bilan cheklanib, achchiq tanqidni Kongressga qo’yib bermoqda.

“Xalqaro savdo va iqtisodiy munosabatlarda muomala tili o’zgacha”, - deydi Charlz Friman. “Oq uy Xitoyni “mana shundan norozimiz, shu talabga ko’nmasangiz bo’lmaydi, aks holda Kongress o’zi bilganidan qolmaydi” deb muloyim qo’rqitishi mumkin.

Vashington Xitoy bilan savdo kamomadi masalasida o’z so’zini ochiq aytishi kerak. Kelasi oy AQShda o’z valyutasi qiymatini sun’iy ushlab turgan davlatlar ro’yxati chiqadi. Xitoy, deydi arboblar, unda birinchi qatorda turishi kerak.