O'zbekiston elchisi prezident Obamaga ishonch yorlig'i topshirdi

O'zbekiston elchisi Ilhom Ne'matov Oq Uyda AQSh prezidenti Barak Obama bilan, 29 mart 2010

Kecha, 29 mart kuni O’zbekistonning Vashingtondagi yangi elchisi Ilhom Ne’matov Oq Uyda bo’lib, prezident Barak Obamaga ishonch yorlig’i topshirgan.

AQSh rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga tasdiqlashicha, Obama O’zbekistonning favqulodda va muxtor vakili bilan qisqa muloqot qilib, ikki davlat orasidagi aloqalar har tomonlama kuchayishiga umid bildirgan.

Ishonch yorlig’i topshirish – rasmiy, ramziy bir marosim. Ne’matovdan keyin Xitoy, Nigeriya va Senegal davlatlarining yangi vakillari ham Obama huzurida bo’lgan.

Bu voqeaning ahamiyati shundaki, elchilar mezbon davlat rahbari bilan yuzma-yuz ko’rishib, bir necha daqiqa bo’lsa-da, u bilan so’z almashish imkoniga ega bo’ladi.

Ne’matov 26 fevral kuni Davlat departamentida qabul qilinib, Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Jim Staynberg va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan muloqot qilgan edi.

Vashington siyosiy doiralarida iliq kutib olinayotgan Ne'matov O’zbekistonning tajribali, usta diplomatlaridan biri sifatida tilga olinadi.

Yaqingacha u Rossiyada, 1997-99 yillarda esa Hindistonda elchilik qilgan.

O’tgan 10 yil mobaynida Ne'matov Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi, keyinroq uning muovini, Shanxay Hamkorlik Tashkilotida O’zbekiston koordinatori, undan so’ng esa Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Ne’matov 58 yoshda, oilali, to’rt farzandning otasi. 1973 yilda Farg’ona Politexnika Institutini, 1992 yilda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatiya Akademiyasini bitirgan. Iqtisodiyot fanlari kandidati.

"Amerika Ovozi" O'zbekistonning Vashingtondagi yangi elchisi bilan suhbatlashish umidida va bu borada yuborilgan iltimosnomaga javob kutilmoqda.