Vashington yadro xavfsizligi bo'yicha sammitga mezbonlik qiladi

Prezident Barak Obama 12-13 aprel kunlari Vashingtonda yadro xavfsizligiga doir xalqaro sammitga mezbonlik qiladi.

Tadbirga atom sohasida faoliyat olib borayotgan va bu ishga endi kirishayotgan davlat rahbarlari taklif qilingan.

Yadroviy materiallar xavfsizligini ta’minlash, ularni qanday qilib terrorchi guruhlar qo’lidan uzoqroq saqlash – sammitda bosh mavzu. Obama 45 mamlakat rahbari bilan bu haqda gaplashib olishni anchadan beri rejalab kelgan.

O’tgan yili aprelda Barak Obama Pragada nutq so’zlab, barcha kattayu-kichik mamlakatlarni qurolsizlanish harakatiga qo’shilishga undagan.

“Qurol yasashda qo’l keladigan vositalar ustidan nazoratni kuchaytirib, yangi me’yor-standardlar joriy etamiz. Bu borada Rossiya bilan hamkorlikni oshiramiz”, - degan edi Obama.

Al-Qoida va unga aloqador guruhlar ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritish payida yurgani, zarur komponentlarni xarid qilish uchun moliyaviy resursga ega ekani haqida bot-bot eshitamiz. Vashington anjumanida ana shu masalalar muhokama qilinadi.

“Nazorat sust ekan, tahdid darajasi yuqori”, - deydi xavfsizlik bo’yicha ekspert Aleksandra Toma. “Yadroviy terrorizm bugun AQSh va dunyo yuzlashayotgan eng jiddiy muammo. Razvedka hisobotlaridan bilamizki, al-Qoida 90-yillardan buyon yadro qurolini qo’lga kiritishga faol harakat qilib keladi”.

Yadroviy texnologiyalar nazoratini kuchaytirish haqida gap etar ekan, asosiy muammo - ular qayerda, qay ahvolda saqlanmoqda va miqdori qancha ekani. Bu haqda aniq ma’lumotlar mavjud emas. Chunki hukumatlarning hammasi ham xalqaro tashkilotlarga hisobot bermaydi.

“Sovuq Urush davrini bir eslang”, - deydi tahlilchi Ken Luongo. “AQSh va sovetlar harbiy xarajatlarini bir-biridan va xalqaro hamjamiyatdan sir tutgan. Bugungi kunda raqiblar Pokiston va Hindiston o’rtasida ham shu ahvol. Yoki Isroilni oling, bu davlatning yadroviy salohiyati haqida biror ma’lumot yo’q”, -deydi mutaxassis.

“Yadroviy terrorizm dunyo tinchligiga xavf solayotgani haqida ko’pchilikni ishontirish ham qiyin. Hatto Amerika hukumati va unga ittifoqchi davlatlar o’rtasida yakdillik yo’q. Rivojlanayotgan dunyo esa o’z tashvishlari bilan band”.

Yadroviy sammitdan maqsad - fikrni bir joyga qo’yib, hamkorlik strategiyasini belgilab olish.

“Muhokamadan konkret qadamlarga o’tish kerak. Yadroviy materiallar xavfsizligi qanday ta’minlanadi, kim nimaga javobgar va buni qanday tekshirish mumkin – sammit deklaratsiyasida bularni aniq belgilab olaylik”, - deydi mutaxassislar.

Anjuman oldidan Qo’shma Shtatlar va Rossiya strategik qurollar bobida kelishuvga erishgani boshqalarga o’rnak bo’lishi aytilmoqda. Ikki davlat uzoq masofali raketalarini 30 foizga qisqartirishga kelishib olgan.