Amerika aholisi o'zgararkan, shaharlar ham yangicha tusda

Amerika aholisi o'zgararkan, shaharlar ham yangicha tusda

<!-- IMAGE -->

Amerikada aholi har 10 yilda sanaladi, azaldan shunday.

Bu yilgi sarhisob jarayoni hozir avjida va butun mamlakat bo’ylab aholidan, fuqaromi yoki muhojir, maxsus anketalarni to’ldirish so’ralmoqda.

Natijalar Amerika jamiyati har jihatdan qanchalik o’zgarib borayotganidan darak berishi tayin.

<!-- IMAGE -->

Shimoliy Karolina shtatining Sharlotta shahri Amerikaning janubiy go’shalaridan biri. Qishloq xo’jaligiga asoslangan, tabiati go’zal bir maskan. Lekin ijtimoiy jihatdan yil sayin o’zgarib bormoqda. Urbanizatsiya darajasi yuqori.

Sharlotta yangi muhojirlarga to’la. Mahallalar yangicha tusga kirgan, deydi Ortega Mur, bu davlatda uzoq yillardan beri yashayotgan immigrant.

“Bir paytlar bu ko’chalarda boy oq tanlilar yashar edi. Badavlat tabaqa vakillarining makoni edi. Hozir esa hammayoqda lotin amerikaliklarni ko’rasiz. Aholi soni oshib bormoqda. Muhojirlar bu yerdan panoh topmoqda",- deydi u.

Sharlotta shahrida lotin amerikaliklar soni ikki karra oshgan. Arablar va osiyoliklar ham ko’p.

Ko’cha belgilari endi ispan tilida. Salvadorlik, yaqin sharqlik, meksikalik va vyetnamlik muhojirlar o'z mahallalariga ega.

Aholi o’zgargani, ko’paygani sari ta’lim va maishiy xizmatlarga ham talab oshadi.

<!-- IMAGE -->

Mahalliy hokimiyatlar mablag’ qayerdan keladi deb o’ylanib qolgan.

Hukumat aniq sonni bilib tursa, e’tibor ham yaxshilanadi degan umid bor.

Kongressning Vakillar Palatasidagi o’rinlar aholi soniga qarab belgilanadi. Bu faktlar shuningdek davlatga qayerda, qancha mablag’ga muhtojlik borligini ham ko’rsatadi. Yangi yo’llar, maktablar, kasalxonalar degandek.

<!-- IMAGE -->

AQSh Aholini o’rganish idorasining yetakchi xodimi Frank Vitrano “ishimiz juda muhim” deydi.

“Anketada odamlar atigi 10 savolga javob beradi. Lekin juda qimmatli savollar. Yoshingiz, irqingiz, jinsingiz va etnik kelib chiqishingizni so’raymiz. Javoblar mamlakatimizning bugungi ijtimoiy, madaniy ko’rinishini aks ettiradi”,- deydi u.

Aholini o’rganish byurosi 130 million anketa tarqatgan. AQShda shuncha xonadon bor. Ularni to’ldirish shu zaminda yashayotgan har bir shaxsning burchi, deydi rasmiylar.

Amerikada hozir qayerga qaramang, targ’ibot. Bu yerda qonuniy yashayapsizmi yoki noqonuniy, fuqaromi yoki muhojir, anketani to’ldirsangiz bas.

Hukumat aholini sanash uchun millionlab dollar pul ajratgan. Demograflarning qo’li qo’liga tegmaydi. Ma’lumotni tahlil qilish kerak.

Villyam Frey ana shu mutaxassislardan biri. Javoblarni intizorlik bilan kutayapti.

“Qo’shma Shtatlarda hamma qarorlarni statistikaga asoslaymiz. Aholi haqida yangi, izchil hisobot bilasizmi qanday bir xazina. Oltinga teng desam adashmayman”,- deydi u.

Yarim asr avval Sharlotta singari shaharlarda oq tanli bo’lmasangiz kelgindi deb kamsitishar edi.

Lekin Amerika yaralibdiki, muhojirlar o’chog’i bo’lgan. Bugun ham bu yerda dunyoning har nuqtasidan kelgan insonlarni uchratasiz. Immigrantlar oqimi oshsa oshayaptiki, pasaymayapti. Davlat aholiga g’amxo’rlik qilishi uchun qo’lida xolis va eng so’nggi ma’lumotlar bo’lishi kerak.