Falastin prezidentining Turkiyaga tashrifi qanday ma’noga ega?

  • Amerika Ovozi

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos

13-avgust kuni Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ko’rishgan Falastin Prezidenti Mahmud Abbos payshanba kuni Turkiya parlamentida ma’ruza qilishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-avgust, 2024-yil - Eron Isroil-XAMAS otashkesim kelishuvini kutyaptimi?

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Abbosning Turkiyaga tashrifi G’azodagi mojaroni hal qilishda biror ma’noli rol o’ynashdan ko’ra Erdog’anning tarafdorlari orasidagi mavqeini kuchaytirishga qaratilgan.

“Xalqaro sahnada Turkiya yoki Erdog’anni ortiq Falastin huquqlarining kurashchisi sifatida ko’rayotganlar bor deb o’ylamayman”, - deydi “PolitikYo’l” sharhlovchisi Sezin O’ney.

Erdog’an Abbosni Turkiyada bir necha kun oldin kutgan edi. Abbos taklifni qabul qilmagani Turkiya rahbarining tanqidiga sabab bo’ldi. Erdog’an o’zini Falastin Muxtoriyati va XAMAS o’rtasida ko’prik deb ko’radi, biroq falastinlik fraksiyalar rahbarlarining yaqinda Xitoyga borgani Erdog’anni bu roldan ayirishi mumkin.

“Erdog’an bu masalaga ko’p vaqt va quvvat sarflagan. U Falastindagi siyosiy kuchlarni yarashtirmoqchi bo’ldi, ammo Xitoy ertaroq harakat qilib, bu imkoniyatni undan olib qo’ydi. Xitoyning Falastindagi kuchlarga siyosiy ta’siri kattaroq”, - deydi London iqtisodiyot maktabidan Selin Nasi.

Abbosning Moskvaga tashrifi boshqa mamlakatlarning mojaroni yakunlashda ahamiyati oshayotganiga ishora qilmoqda. Uning Turkiyaga tashrifi chog’ida Erdog’an Falastinga ta’sirini tiklashga harakat qiladi.

“Erdog’an va uning partiyasi shu paytgacha XAMAS va Haniyaga poyandoz solib kelayotgan edi. Ammo endi uning o’rniga Sinvar keldi. Biroq Turkiya Sinvarni qabul qila olmaydi, u bilan aloqaga chiqa olmaydi, Haniya bilan bo’lgan darajada munosabatda bo’la olmaydi. Demak, Mahmud Abbos bilan yaxshiroq gaplashish kerak bo’ladi”, - deydi Sezin O’ney.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Abbos Turkiyaning mojaroni hal qilishda samarali rol o’ynashiga ishonmay qo’ygan. Otashkesim bo’yicha muzokaralarni AQSh, Misr va Qatar olib bormoqda.

Anqara chetda qolib ketdi. Ayniqsa Erdog’anning Isroilga qaratilgan keskin ritorikasi uni muzokara qilish yoki ta’sirini o’tkazish imkoniyatidan ayirdi.

“Nafaqat Isroil, balki Fors ko’rfazidagi mamlakatlar ham Turkiyaning jarayonda ishtirok etishini istamayapti”, - deydi Nasi.