Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi xalqaro guruh Afg'oniston hukumatini Faryob viloyatida qotillik va boshqa jinoyatlar sodir etgan jangchilarni jazoga tortishga chaqiryapti.
Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW, Xyuman Rayts Votch) tashkiloti iyun oyida ro'y bergan hujumlar ortida Vitse-prezident Abdul Rashid Do'stumga sodiq kuchlar turganini da'vo qilmoqda.
Tashkilot xodimlari hujumga uchragan qishloqlar aholisi bilan suhbatlashib, shunday xulosaga kelgan.
BMTning Afg'onistonga ko'mak missiyasiga ko'ra, afg'on armiyasi va Do'stumning Junbish jangchilari 26-iyun kuni Faryobda Tolibonga qarshi o'tkazgan qo'shma amaliyoti natijasida kamida 13 oddiy fuqaro halok bo'lgan, 32 kishi yaralangan.
Tolibon kuchlari hududni tark etganidan so'ng Junbish jangchilari to'rt qishloqqa kirib borib, pushtularni kaltaklagan, Tolibonga xayrixohlikda ayblagan. Besh kishining o'lgani ma'lum.
Guvohlarning Xyman Rayts Votch bilan suhbatlaridan ayon bo'lishicha, afg'on armiyasi zobitlari bu hujumlarda ishtirok etmagan bo'lsa-da, ularni to'xtatishga harakat qilmagan.
Prezident Ashraf G'ani tergov o'tkazishni buyurgani haqida xabarlar bor.
Vitse-prezident Abdul Rashid Do'stumning "Junbishi Milliy Islomiy" partiyasi ayblovlarni inkor etdi. Partiyamiz a'zolari Faryobdagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etgani yo'q, HRW dalil-isbot keltirsin, deydi so'zlovchisi Bashir Ahmad Tayanch "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Mahalliy va xalqaro huquq tashkilotlari Do'stumni anchadan buyon urush jinoyatlarida ayblab keladi.
"Faryobdagi voqea uning kuchlari yillar davomida sodir etgan vahshiyliklarning eng so'nggisi", - deydi HRW tadqiqotchisi Patrisha Gossman. "Do'stum va unga bo'ysinuvchi kuchlar javobgarlikka tortilmagani Afg'oniston shimolida xavfsizlikka putur yetkazgan".
Gossmanning aytishicha, Junbish singari qurollangan guruhlar allaqachon tarqatilishi kerak edi. Prezident Ashraf G'ani bunday noqonuniy guruhlarni qurolsizlantirishga va'da bergan edi, va'dani bajarsin, deydi u.