Afg'on rasmiylariga ko'ra, hukumatdagi ichki ziddiyatlar hal qilinadi.
Bunday bayonot BMT Afg'onistondagi Prezident Ahraf G'ani va Bosh ijrochi Abdulla Abdulla o'rtasida kelgan mojaro atrofidagi siyosiy vaziyatni xavfli deb ataganidan keyin qilindi.
2014-yilda AQSh vositachiligida, natijalarini aniqlash qiyin bo'lgan saylovlardan so'ng, milliy birdamlik hukumati tuzilgan. G'ani va Abdulla mamlakatni birgalikda boshqarishi kerak edi.
Abdulla deydiki, G'ani jiddiy siyosiy masalalarda u bilan maslahatlashmaydi. Prezident esa bunday iddaolarni inkor etadi.
BMT da'vatlari
BMTning Afg'onistondagi missiyasi (UNAMA) rahbari Tadamichi Yamamoto siyosiy barqarorlik murosa talab qiladi deb keladi.
“Hozirgi noaniq vaziyat, shu jumladan ikki rahbar o'rtasidagi mojaro hal qilinishi kerak. Uzoq muddatli barqarorlikni saqlab qolishning yo'li topilmasa bo'lmaydi", - deydi Yamamoto bu hafta BMT Xavfsizlik kengashi yig'inida.
Abdullaning matbuot kotibi Javid Faysal esa siyosiy fikrlardagi farq mamlakat farovonligi yo'lida xizmat qiladi va siyosiy inqiroz alomati emas, deydi.
"Prezident va bosh ijrochi milliy birdamlik hukumatida sherik. Birgalikda ishlabgina muammolarni hal etishimiz va mushtarak maqsadlarga erishishimiz mumkin", - dedi Faysal.
2014-yilgi siyosiy bitim atrofidagi bahs keng jamoatcilikka ma'lum bo'lganidan beri G'ani va Abdulla to'rt marta uchrashdi.
Rahbarlar tinchlikni ta'minlashi kerak - afg'on xalqi uchun
UNAMA rahbari Tadamichi Yamamoto o'z nutqida afg'on hukumatining Gulbiddin Hikmatiyor yetakchiligidagi "Hizb-i-Islomiy" isyonchilar guruhi bilan murosaga erishishga qaratilgan samimiy urinishlarini yuqori baholadi.
O'tgan hafta Prezident G'ani tinchlik bitimi yaqin kelajakda imzolanishini bildirgan edi. Ammo Abdulla tarafdorlari Hikmatiyorni afg'on siyosiy jarayonlariga jalb qilishga qarshi.
Ammo Faysal bu ma'lumot noto'g'ri, deydi.
“Hukumat tayinlagan Oliy tinchlik kengashi "Hizb-i-Islomiy" bilan muloqotda. Yaqin kelajakda murosaga erishiladi, degan umiddamiz. So'ngra u guruh a'zolari Afg'onistonning tinch va farovon kelajagini qurishda ishtirok etadi", - deydi u.
Yamamoto fikricha Tolibon bilan ham jiddiy tinchlik muzokaralari olib borish uchun chora ko'rilishi kerak.
"Tinchlikka yo'l tezda va jiddiy yondashilib topilishi kerak. Men har ikkala tarafni shunga va Afg'onistonda nihoyat tinchlik o'rnatilishiga hissa qo'shishga undayman", - dedi BMT rasmiysi.
Siyosiy ziddiyatlar
Hikmatiyor 1980-yillarda mamlakatdagi Sovet qo'shinlariga qarshi kurash olib borgan va bu borada unga AQShning Markaziy razvedka xizmati qurol-aslaha bilan yordam bergan. So'ngra u Tolibon saflarida kurashib keldi. Al-Qoidaning AQSh qo'shinlariga qarshi hujumlarini qo'llab-quvvatlagani uchun u 2--3-yilda AQShning "global terrorchilar" ro'yxatiga kiritilgan.
G'ani hukumati sobiq dala qo'mondonlari bilan aloqalarga egaligi uchun tanqid qilinadi.
“Hikmatiyor jinoyatlari uchun jazolanmagan yagona qo'mondon emas. Dala qo'mondonlaridan hech biri javobgarlikka tortilmadi", - deydi "Human Rights Watch" tashkilotidan Patrisha Grossman. Samarali hukumat barpo etib, tinchlikni saqlab qolish uchun esa odamlarni qiynagan shaxslar jazolanishi kerak, deydi faol.