Afg’onistonda Qur’on yoqilganiga qarshi namoyishlar davom etar ekan, bugun Kobulda Ichki ishlar vazirligi binosida ikki g’arblik zobit otib o’ldirilgan.
Tolibon qotillik ortida turganini tan olmoqda. Vazirlikning eng himoyalangan qismida harbiy boshqaruv markazida o'tirgan polkovnik va mayor halok bo'lgan.
NATO Afg'oniston vazirliklarida ishlaydigan, asosan murabbiy va maslahatchi lavozimlaridagi harbiylarini qaytarishga qaror qilgan.
Shimoliy viloyat Qunduzda Birlashgan Millatlar Tashkiloti toshbo’ron qilingan. Uch kishi o’lgan, 47 nafari jarohatlangan.
Poytaxt yaqinidagi Bagrom harbiy bazasida NATO kuchlari muqaddas kitobni yoqqani haqida ma’lumotlar tarqagach, seshanba kuni boshlangan norozilik chiqishlari va to’polonlarda 27 kishi halok bo’ldi.
AQSh prezidenti Barak Obama va boshqa rasmiylar afg’on xalqi va butu musulmon ahlidan kechirim so’ragan, ammo buning o’zi yetmayotgan ko’rinadi.
Bu orada bugun Badg’is viloyatida olti mahalliy askar ko’chadan topilgan bombani xavfsizlantirishga harakat qilayotganida nobud bo’lgan. 16 kishi og’ir ahvolda.
O’tgan oy bitilgan diplomatik telegramma “o’ta maxfiy” deb ko’rsatilgan. Unda Afg’oniston-Pokiston chegarasidagi tog’li hududlarda Haqqoniy to’dasi keng quloch yozgani va u bugun Tolibonning asosiy qismi ekani aytiladi.
“Vashington Post” gazetasi fosh etgan bu maktub Amerika hukumatini Afg’onistonga nisbatan siyosatni qayta ko’rib chiqishga, urush strategiyasini o’zgartirishga, balki qo’shinni astalik bilan, bosqichma-bosqich olib chiqish haqida o’ylashga majbur qilgan.