NATO kuchlari Afg’onistonda Tolibon va unga hamkor to’dalarning bir necha yirik a’zolarini qo’lga olgan. Operatsiyalar asosan janubda, Qandahor viloyatida o’tkazilgan. Ular jangarilarni pul va qurol-aslaha bilan ta’minlab turgan, deydi alyans rasmiylari.
Bu orada xususiy xavfsizlik firmalari Afg’onistonni tark etish taraddudida. Prezident Hamid Karzay bu kompayalarni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgan. O’n minglab odamni ish bilan ta’minlagan soha haqida gap ketmoqda.
Prezident Karzay avgust oyida so’zlab, xususiy xavfsizlik kompaniyalari yil oxirigacha Afg’onistondan ketishi kerak deya xulosa qilgan edi. Qaror kuchga kirgan.
Hukumat so’zlovchisi Vohid Umarning aytishicha, dastlab sakkiz firmaning faoliyati tugatiladi va ularning quroli musodara qilinadi. Orasida mahalliy va chet el kompaniyalari bor.
“Yo’llar, transport vositalarini himoya qilayotgan firmalardan qutulmoqchimiz. Afg’on armiyasi malakasini oshirish, xalqaro tashkilot va elchixonalarni mudofaa qilish bilan mashg’ul kompaniyalarga tegmaymiz”, - deydi u.
Gap sobiq “Blackwater” firmasi haqida ham ketmoqda. Kompaniya 2007 yilda bir necha iroqlikni besabab o’ldirganlikda ayblangan edi.
Prezident Karzay yozgi qarori bilan ko’pchilikni, jumladan, AQShni hayron qoldirgan.
“Xususiy xavfsizlik firmalari mahalliy armiya, qurolli kuchlari, politsiya ishiga halaqit bermoqda”, - deydi Karzay. “Korrupsiya, o’g’rilik, afg’on ahliga ta’qiblarga hissa qo’shayotgan ham shular. Tunda qaroqchilik bilan shug’ullanayotgan ham mana shu xavfsizlik firmalari”, deydi prezident.
“Odamlar ko’cha-ko’yda bemalol qurol ko’tarib yurishiga yo’l qo’ymaymiz”, deydi u.
AQShning Kobuldagi elchixonasi qarorni qo’llab-quvvatlagan, ammo hozir buning mavridi emas, ijroni sal kechiktirgan ma’qul deya ogohlantirgan edi.
Hozir Afg’onistonda 52 xususiy xavfsizlik firmasi bor va unda taxminan 40 ming kishi ishlaydi. Mana shu kompaniyalardan qariyb 40 tasi AQSh hukumati bilan shartnoma asosida faoliyat yutitadi.