Afg'on turkiylari birlashish, qardoshlar bilan ko'proq aloqa qilish umidida

15-oktabrda Gamburg shahrida kechadigan qurultoyga taklifnoma. Eshigimiz barchaga ochiq, deydi tashkilotchi Muhammad Sodiq.

Afg’onistonda xalqaro koalitsiya Tolibon va al-Qoidaga qarshi janglarni davom ettirmoqda. Jangarilarga qarshi kurashda ular bilan hamkorlik qilgan mahalliy kuchlar safida tojiklardan tashqari o’zbek, hazora va turkmanlar ham ko’p bo’lgan.

Aholining katta qismini tashkil etuvchi bu elatlar hozirda Kobuldagi hukumatga nisbatan ta’sir kuchini va jamiyatdagi nufuzini oshirishga harakat qilmoqda.

Afg'onistonda ko'pchilikni tashkil etamiz, yosh avlod qaddini rostlay olsin, deydi turkiylar

Chet elda yashayotgan afg’onlar, xususan afg’on o’zbeklari, bugun AQSh, Turkiya va Germanyada ancha faol. Bu ziyolilar 15-oktabr kuni Gamburg shahrida katta anjuman o’tkazmoqchi.

Afg’oniston Turkiylari Madaniy Federatsiyasi o’tkazayotgan bu tadbirda vatandagi vaziyat, huquq va nufuz, shuningdek, birdamlik masalasi muhokama qilinadi. Qanday yordam ko’rsatish haqida so’z ketadi.

Muhammad Sodiq Afg'onistonda o'zbeklar sardori, general Abdulrashid Do'stum bilan. Suratning qachon olingani noma'lum.

Afg’oniston Turkiylari Madaniy Federatsiyasi xorijda ko’plab bo’limlarga ega, masalan AQSh va Yevropa davlatlarida.

Uch yil avval asos solingan bu tashkilotga o’zbek, turkman va qozoq ziyolilar a’zo.

Ustuvor maqsad - tarqoq yashayotgan turkiylarni bir madaniy jabhada birlashtirish.

Gamburgdagi tadbir tashkilotchisi Germaniyadagi Turkiylar Birligi Uyushmasi rahbari Muhammad Sodiqdir.

Muhammad Sodiq O'zbekiston Xalq Akademiyasi a'zosi bo'lgani haqidagi hujjati

Uning aytishicha, 15-oktabrdagi qurultoyda Afg’oniston, Amerika va Yevropa Ittifoqidan vakillar kutilmoqda.

Eshik barcha uchun ochiq, deydi Muhammad Sodiq.

“Turkiy til uchun, hammamiz bir ittifoq bo’laylik deyish uchun yig’ilayapmiz. Afg’onistonda turkiy tilda gapiruvchilarning hammasi bir, bir daraxtning mevalari. Gamburgda shu narsa muhokama qilinadi ”.

Shimoliy Alyans, Tolibonga qarshi birlashgan kuchlar, ichida o'zbeklar va hazoralar juda ko'p edi

Federatsiya a’zolariga ko’ra, Afg’oniston turkiylari mamlakat aholisining 50 foizdan ko’pini tashkil etadi, biroq ular tarqoq.

Shunday ekan, deydi ular, ular siyosiy va madaniy jihatdan bosim ostiga olinaveradi.

“Afg’oniston shimolining 10 viloyatida o’zbeklar yashashadi. Bundan tashqari turkmanlar, qozoqlar, qirg’izlar, tatarlar ham bor. Hazoralar ham turkiylarga kiradi. Katta bir jamiyat. Agar biz ularni bir madaniy ittifoqqa birlashtira olsak, o’zidan o’zi ko’rinadiki, Afg’oniston aholisninig 60 foiz aholisi turkiylardir”,- deydi faollardan biri, tarixchi olim Turduqul Maymanagiy.

1997 yilda olingan bu suratda yosh o'zbek jangchilarini ko'rasiz, ular Shimoliy Alyansda xizmat qilgan

“Lekin shunga qaramasdan ular o’z haqlaridan ayrilgan, o’z ona tilida ilm o’rganishdan, madaniyatidan marhumlar. Afg’onistondagi bu adolatsizlik ildizi avvalgi adolatsizliklarga borib taqaladi. Bu borada adolat o’rnatilmas ekan, Afg’onistonda urush to’xtamaydi ”, - deydi ziyoli.

“Shu uch yildan buyon biz turkiy xaqlarni bir ittifoqqa keltirish, bir madaniyat atrofida birlashtirish harakatini qilib kelamiz. Maqsadimiz Afg’oniston turklarining borligini ko’rsatish, ular madaniyatini o’zlariga va boshqalarga ham tanishtirish".

Ziyolilar deydiki, O'zbekiston va qo'shni mamlakatlar Afg'onistondagi qardoshlariga madaniy-moddiy yordamni oshirishi kerak

Kelajak avlod Afg'onistonda va qayerda bo'lmasin, turkiman deb boshini baland ko'tarib, faxrlanib yursin, qaddini rostlar olsin, deydi faollar.

"Biz hozir ham kuchli emasmiz, faqat ziyolilar, yozuvchilar, donishmandlar qo’llashib, dastlab shu halqani tashkil etdik”,- deydi Maymanagiy.

O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkmaniston ahli va Afg’onistonda yashovchi turkiylar orasida aloqalarni yaxshilash kerak, deydi Maymanagiy. Yordamni, ayniqsa ta’lim va ijtimoiy sohalardagi madadni oshirish kerak.