Qozog'iston ayollari va bolalari himoyachisi yuksak mukofot sohibi

Qozog'istonning jasoratli ayoli

AQSh Davlat departamentining "Jasoratli ayol" xalqaro mukofoti bu yili Markaziy Osiyodan chiqqan yetuk advokatga nasib etdi. Qozog'istonlik huquqshunos Ayman Umarova Almatida faoliyat yuritadi, asli janubiy Jambul viloyatidan. Davlat departamentiga ko'ra, Ayman Umarova inson huquqlari himoyasi yo'lida, ayniqsa xotin-qizlar va bolalar manfaatlari uchun jonbozlik ko'rsatib kelayotgan kuchli mutaxassis.

Auman Umarovaga mukofotni AQSh prezidentining rafiqasi Melaniya Tramp topshirdi

Qozog'istonda jinsiy tajovuz naqadar chuqur ildiz otgan muammo ekanini qo'rqmay ko'tarib chiqqan advokat jamiyatda bunday nozik masalalar ochiq muhokama qilinishi va yechim izlanishi uchun beqiyos hissa qo'shib kelmoqda, deya qayd etadi Ayman Umarovani taqdirlagan departament.

"Aslida jinoiy ishlar bo'yicha faoliyat yuritaman. Fuqaro masalalari bilan oldin ko'p shug'ullanmas edim. Lekin o'tgan besh yil mobaynida aynan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan jinsiy zo'ravonlik singari jinoyatlar mening e'tiborimda. Mana shunday qabih jinoyatlardan jabrlanganlarni himoya qilaman", - deydi Umarova "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

O'tgan bir yil ichida u 21 ish ustida ishlagan. Umarova, shuningdek, jazoni o'tash muassasalarida huquqlari buzilgan insonlarni ham himoya qiladi. Shuningdek, immunitet taqchilligi virusiga chalingan xotin-qizlarning huquqlarini ta'minlashdek murakkab ishlar bilan ham mashg'ul.

Xususiy advokat sifatida u korrupsionerlar va turli jinoyatlarda ayblangan insonlarni ham himoya qiladi. Pullik xizmatlar bular. Lekin bepul faoliyatini va vaqtini aynan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan qilingan qora ishlarga saflaydi.

Ayman Umarova boshqa sovrindorlar bilan, Vashington

"Erkin ishlay olaman va hech kim menga nima qilish kerak yoki kerak emasligini ko'rsata olmaydi. Hukumat ishimga aralashmaydi", - deydi Umarova. "Lekin bosim har joyda bor va undan qochish qiyin. Chunki jamiyat og'zini ochmay kelgan illatlar sabab ezilgan insonlarni himoya qilaman. Jinsiy tajovuz yoki jinsiy aloqa haqida bizda yaqingacha hech kim ochiq gapirmas edi".

Lekin, deya hikoya qiladi Umarova, qozoq ayoli uni to'rt erkak o'g'irlab, zo'rlaganini da'vo qilib chiqqanida jamiyat birinchi dahshatga tushdi, uni qoraladi, ammo uning aytganlari rost ekanini anglab, tushunishni ham o'rgana boshladi.

Boshida odamlar so'kdi, haqorat qilishdi; ayollar qanday zo'rlangani haqida gapirganlar la'natlandi. Lekin Umarova ortga qaytmadi. Shu paytgacha Qozog'istonda tabu hisoblangan mavzular ochildimi, demak, yopilmasligi kerak, deydi u, yopilishi mumkin ham emas. Chunki bunday jinoyatlar ko'p. Ular har yerda uchraydi. Odamlar ortiq ko'z yummasligi kerak.

Albatta ayollarni ayblash hamon keng tarqalgan illat. Avvalo odamlar har qanday tajovuzda ularning ahloqini savol ostiga oladi. Tarbiya shunday.

"Xotin-qizlarning o'zi ham aksariyat hollarda adolat ravnaq topishiga, ishi sudgacha yetib borib, xolis ko'rib chiqilishiga ishonmaydi, hatto aniq isbot-dalil bo'lsa ham. Haqiqat burnining tagida bo'lsa ham ko'rmaslikka olishadi yoki imi-jimida ishni tinchitishga urinishadi", - deydi Umarova.

Jabrlanuvchilarning ko'pi kambag'al qatlam vakillari. Ularning advokat yollashga qurbi yetmaydi. Ularning ovozi past. Huquq-tartibot organlari ham ularning taqdiriga ko'pincha befarq.

AQSh Davlat departamenti, 23-mart, 2018

Axborot vositalari ham astalik bilan bunday hollarni, bunday jinoyatlarni yoritishni o'rganmoqda. Albatta, sensatsiya sifatida olib chiqishadi, deydi advokat, ular jabrlanuvchi va ayblanuvchining taqdiriga nisbatan loqayd. Biroq bu jinoyatlarning matbuotda muhokama qilinishi, omma e'tiboriga tushishi katta ahamiyatga ega. Jurnalistlar jinoyatni qanday yoritishni ham o'rganishi kerak, shundagina jamiyat ham og'ir masalalarni jiddiy anglay boshlaydi.

"Muhimi, jinsiy tajovuzlar haqida gapirish hozir tabu emas. Orqaga qaytish yo'q", - deydi Umarova.

AQSh berayotgan sovrin moliyaviy mukofot emas. Siyosiy, professional rag'batlantirish. Umarova o'z faoliyati ijtimoiy jihatdan chuqur mohiyatga ega ekanini biladi. U singari ayollar mehnati dunyoning qudratli hukumati tomonidan tan olinayotgani, u qilayotgan ishlar qadrlanayotganidan mamnun.

Qamoqxonada zo'rlangan ayol hatto uni zo'rlagan erkakdan tuqqanida ham atrofdagilar sukut saqlagan, deya misol keltiradi advokat o'z tajribasi haqida gapirar ekan. U bu ayolni himoya qilib chiqqach, ayblanuvchi nafaqat zo'rlagani uchun jazolandi balki uning qilgan ishi panjara ortidagi qiynoq sifatida tan olinib, mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida yangi qonun qabul qilindi. Advokat uchun bu katta g'alaba.