Qirg'iziston xavfsizlik kuchlari o'zbek faollarini hibsga olmoqda

Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, xunrezliklarni tasvirlovchi foto-video materiallarni to'plagan faollarni nishonga olmoqda.

O'shlik faollarning aytishicha, Qirg'iziston ichki ishlar va xavfsizlik xodimlari o'zbeklarga qarshi qirg'inlar tasvirlangan videolarni musodara qilib, jinoiy harakatlar bo'yicha ma'lumot to'playotgan faollarni hibsga olmoqda. Sal avval biz inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch xalqaro tashkiloti vakili Anna Neymer bilan gaplashdik. U hozir O'shda.

Xabarlarga ko'ra, bugun O'sh viloyatining Narimon qishlog'ida qirg'iz xavfsizlik kuchlari o'zbeklarga hujum qilib, ikkisini o'ldirgan. Xalqaro Amnistiya tashkiloti esa xunrezliklar haqida ma'lumot to'plab, foto va videotasvirga tushirgan ba'zi huquq himoyachilari qo'lga olinganini aytib, muvaqqat hukumatdan ularni ozod etishni talab qilmoqda.

Ayni damda O'shdagi vaziyatni kuzatayotgan Human Rights Watch tashkiloti xodimi Anna Neymer bu ma'lumotlarni tasdiqlaydi.

"Jaloloboddagi Bozor-Qo'rg'on qishlog'ida ikki kishining hibsga olinganidan xabardormiz. Bular huquq himoyachisi Azimjon Asqarov va o'zbek jamoasi rahbarlaridan biri Shuhrat Mirzalimov. Ularga ommaviy tartibsizliklarni rejalab, etnik adovatni qo'zg'atish aybi qo'yilmoqda".

Biroq, deydi Anna Neymer, qirg'izlardan ushbu ayblovlar asosida hech kim hibsga olinmagan. O'zbek faollariga esa qo'pol muomala qilinayotgani ma'lum bo'ldi.

"Ularga mustaqil advokat bilan uchrashishga ruxsat berishmadi. Bozor-Qo'rg'on militsiyasi o'zini agressiv tutdi. Asqarov va Mirzalimovga qarshi haqoratomuz so'zlar aytishdi. Ularning xavfsizligidan xavotirdamiz", - deydi Human Rights Watch vakili.

Neymerga ko'ra, to'qnashuvlar paytida Bozor-Qo'rg'on militsiyasi xodimlaridan bir nechtasi yaralanib, bo'lim boshlig'i o'lgan edi, shunga ularning avzoyi buzuq.

"Mahalliy o'zbeklarning bizga aytishicha, ikki faolga qo'yilgan ayblovlar asossiz. Ular o'zbeklarga qarshi xunrezliklarga doir ashyoviy dalillar to'plagani mahalliy hukumatga yoqmagan. Aytishlaricha, Azimjon Asqarov qo'lida ko'p videomaterial bo'lgan. Nazorat punktlarining biridan o'tayotganimizda bizdan ham kompakt disk yoki DVD bor-yo'qligini so'rashdi", - deydi Anna Neymer.

O'zbekistonlik huquq faollari bugun bayonot chiqarib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat etgan. Unda Qirg'izistonning o'zbek aholisiga qarshi genotsidni to'xtatish uchun zudlik bilan tinchlikparvar kuchlarni kiritish talab qilinadi.

Bayonotda, shuningdek, Qirg'iziston janubidagi o'zbek tilida chiqadigan "Diydor" gazetasi bosh muharriri Ulug'bek Abdusalomovning hibsga olingani tashvish bilan tilga olinadi.