Yaqinda Afg’onistonning Bomiyon viloyatida o’nlab xotin-qizlar imtihondan o’tib, haydovchilik guvohnomasini oldi.
Afg’onistonning Bomiyon viloyati 2001-yilda Tolibon tomonidan portlatilgan ikkita katta, tarixiy Budda obidalari bilan mashhur.
Tolibon hokimiyatdan ketganidan so’ng Bomiyon mamlakatdagi eng xavfsiz viloyatlardan biriga aylandi. Xavfsizlik bu hududga nisbatan erkinlik va rivojlanish olib keldi.
Bu yerda birinchi marta 58 ayol sakkiz haftalik treningdan o’tib, haydovchilik guvohnomalarini qo’lga kiritdi.
“Juda xursandman. Haydash muhim. Boshqalar ham o’rganib, bu huquqdan foydalanishi kerak”, - deydi haydochi Orzu Rizoiy.
“An’anaviy jamiyatmiz. Ayollar rulda o’tirishini xush ko’rishmaydi, lekin Bomiyonda osonroq”, - deydi haydovchilik guvohnomasini olgan Fotima Hasaniy.
Afg’onistonda diniy ulamolarning fikri muhim. Aksar ulamolar ayollarning musiqa bilan shug’ullanishiga qarshi bo’lsa-da, mashina haydashiga qarshilik kuchli emas.
“Hijobga amal qilishsa bo’ldi, ayollarga mashina haydash man etilmagan”, - deydi dinshunos Ibrohim Haliliy.
Bomiyonda taxminan 100 ayol mashina haydaydi. Hayron bo’lib qarashadi, lekin xotin-qizlar kelajakdan umidvor.
“G’urur bilan rulga o’tiraman. Shunday imkoniyat berilganidan xursandman”, - deydi Hakima Akbari.
“Ayollarning haydashi ijobiy o’zgarish, progress bo’layotganini ko’rsatadi. Boshqa davlatlarda uchuvchi, shifokor ayollar bor. Ayollar rulda o’tirishi men uchun hech muammo emas. Ular sabrli haydovchilar”, - deydi bomiyonlik Abdul Rauf Vohidiy.
Instruktorlar ham o’quvchilardan mamnun.
“Biz o’qitgan bu ayollar guruhi boshqa o’quvchilarimizga qaraganda eng aqlli, eng qiziquvchan”, - deydi Said Chamran.
Bomiyon yo’l harakati xavfsizligi xizmatiga ko’ra, kelasi yili yanada ko’proq xotin-qizlar haydovchilik kurslariga qatnashi kutilmoqda.