Respublikachilar partiyasining saylovoldi syezdida Prezident Donald Tramp dushmanlarga qarshi tura oladigan, ittifoqchilardan ko’proq talab qila oladigan oliy qo’mondon sifatida ko’klarga ko’tarildi.
Trampning raqibi, prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden esa diktatorlar bilan emas, ittifoqchilar bilan yelkama-yelka turishga va’da bermoqda.
Qurultoyda o’z partiyasidan nomzodlikni qabul qilar ekan, Tramp Baydenni mamlakatni vayron qiluvchi zaif rahbar deb tanqid qildi.
“Jo Bayden butun karyerasini Amerika mehnatkashlarining orzulari va ish joylarini xorijga jo’natish, chegaralarni ochish, yigit va qizlarni cheksiz urushlarga safarbar etishga bag’ishlagan”, - deya da’vo qildi prezident.
Buni ham ko'ring So'nggi to'rt yil: Prezident Tramp tashqi siyosatiga nazarDemokratlar syezdida esa Bayden Trampni jahon sahnasida Amerika obro’yi va mavqeini chilparchin qilgan xavfli rahbar deb atadi.
“Men ittifoqchilarimiz va do’stlarimiz tarafida turgan prezident bo’laman. Dushmanlar diktatorlarga xushomad qiladigan vaqtlar o’tganini tushunib olishadi. Bayden prezident bo’lsa, Rossiya amerikalik askarlarni o’ldirish uchun mukofot puli taklif qilishiga AQSh ko’z yummaydi”, - deydi Bayden.
Your browser doesn’t support HTML5
Demokratik partiya platformasi cheksiz urushlarni tugatib, mudofaa xarajatlarini kamaytirishni taklif qiladi, Xitoyning savdo siyosatini tanqid qiladi.
Respublikachilar Prezident Trampning “Amerika birinchi” deb atalmish shior ostida olib borayotgan tashqi siyosatini olqishlamoqda. U askarlarni vatanga qaytarish va Xitoyga tobelikni tugatishni ham o’z ichiga oladi.
“Xorijiy poytaxtlarda uni yoqtirmasliklari mumkin, lekin bunday siyosat ish bermoqda”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Demokratlar syezdida kenja Jorj Bush davrida davlat kotibi bo’lgan respublikachi Kolin Pauel Baydenni yoqlab nutq so’zladi.
Buni ham ko'ring Jonli efir: Bayden va Tramp, tashqi siyosat“U askarlarga g’amxo’rlik qiladi, chunki o’g’lini urushga jo’natgan ota sifatida harbiy oilalarni juda yaxshi tushunadi”, - deydi Pauel.
Donald Tramp nuqtida pandemiya uchun Xitoyni aybladi. Bayden saylansa, deydi u, AQSh Pekin xizmatida bo’ladi.
“Respublikachilar kim Xitoyning adabini berishi, kim qattiqqo’l bo’lishi haqida, demokratlar esa Xitoy bilan raqobatda kim samarali ish olib borishini gapirmoqda. Gap faqat “ajdarhoni” haqorat qilish, ayblashda emas. AQShning raqobatbardoshligini oshirish, ittifoqchilar bilan ishlash, Amerika manfaatlari yo’lida diplomatik salohiyatni ham ishga solish haqida gap ketyapti”, - deydi xitoyshunos olim, sobiq diplomat Robert Deyli.
Prezidentlikka ikki nomzodning qarashlari tubdan farq qilsa-da, tashqi siyosat saylovda hal qiluvchi rol o’ynamaydi.
“Tashqi siyosatni saylovchi kamdan-kam holatlarda ustuvor masala deb ko’radi. Albatta, urush davri bundan mustasno. Hozir asosiy masalalar: COVID-19, iqtisod va nomzodlarning shaxsiyati”, - deydi siyosatshunos Vilyam Xovell.
Ammo sentabrda nomzodlar orasida bo’lib o’tadigan debatlarda tashqi siyosat, jumladan, saylovga tashqi aralashuv masalasi albatta muhokama qilinadi.