AQSh Nazarboyevga erkin va adolatli saylovlar zaruratini eslatmoqda

O'ngdan Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini va Jon Ordvey, Qozog'istondagi muvaqqat elchi, Ostona, 25 mart 2011

24-25 mart kunlari Ostonada Amerika va Qozog'iston rasmiylari ikkinchi yillik maslahatlashuv uchrashuvlariga yig'ildi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleykning aytishicha, majlisda xavfsizlik, Afg'onistondagi vaziyat, iqtisodiy hamkorlik va fuqaro jamiyatini shakllantirish haqida gap ketdi.

Vashingtondan borgan delegatsiyada nafaqat diplomatlar, balki AQSh Energetika va Mudofaa vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik kengashi vakillari bo'ldi.

Robert Bleyk Qozog'iston fuqaro jamiyati faollari, nohukumat tashkilotlar xodimlari bilan ham uchrashdi. Muloqotda mezbon davlat tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Kayrat Umarov ham ishtirok etdi.

Faollar Amerika rasmiylariga respublikadagi vaziyat haqida o'z fikrlarini bildirdi.

"Ochiqcha suhbat qurdik. Inson huquqlari, demokratik intilish va boshqaruv bilan bog'liq muammolar haqida tingladim", - deydi Bleyk.

Uning nazarida Qozog'iston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari bu tadbirga kirib o'tirgani va faollarni eshitgani - ijobiy o'zgarish.

Bleyk bugun Nazarboyev Universitetida talabalar oldida so'zladi.

Uningcha, bu dargoh butun Markaziy Osiyoga o'rnak bo'lsa arziydi.

"Nazarboyev Universiteti Amerikaning sakkiz oliygohi bilan hamkorlik qiladi. Ilmiy-ma'rifiy aloqalar yanada yaxshilanadi degan umiddamiz",- deydi diplomat.

1989 yildan beri davlatni boshqarayotgan Nursulton Nazarboyev yana bir bor prezidentlikka saylanmoqchi

Qozog’istonda 3 aprelda prezident saylovlari. Vashington jarayonda muxolif partiyalar qatnashishi va siyosiy erkinlikka yo’l berilishi lozim deb kelmoqda.

“Uchrashuvlarda bu haqda gaplashdik. Biz erkin va adolatli saylovlar zaruratini tushuntirdik. Qozog’iston hukumati buni ta’minlash uchun qo’ldan kelgan barcha harakatni qilayotganini bildirdi”, - deydi Bleyk.

Lekin tanqidchilar nazarida Vashington bu borada faqat diplomatik gaplar bilan cheklanmoqda. Qozog’istonda saylovlar erta o’tayotgani Nursulton Nazarboyevni lavozimda qoldirish uchun qilinayotgan harakat ekanini biladi va indamay turibdi, deydi muxolifat vakillari.

Saylovda Nazarboyevdan tashqari yana uch nomzod bor: Kommunistik partiyadan Jambil Ahmetbekov, "Vatanparvarlar" partiyasi raisi, senator G'ani Kasimov and Ekologlar Uyushmasi rahbari Melis Eleusizov.

Robert Bleyk Ostonaga kelishidan avval Pekinda bo’lib Xitoy rasmiylari bilan Markaziy Osiyo bo’yicha hamkorlik qilish xususida muzokaralar olib bordi.

“Biz o’zaro manfaatlarga diqqat qaratayapmiz, xususan terrorizm va qoradori savdosiga qarshi kurash, Afg’oniston va Pokistondagi jangarilarning Markaziy Osiyo va Xitoyga kirishiga yo’l bermaslik. Mintaqa energetika tizimlarini yaxshilash va iqtisodiy rivojlanishida ham birgalikda yordamlashsak bo’ladi”, - deydi Bleyk.

AQSh Davlat kotibi muovinining qayd etishicha, biznes va savdo ko’lamini oshirish – bugungi prioritetlardan biri. Amerika Qozog’sitonga sarmoya olib kirishda Xitoydan keyingi ikkinchi o’rinda turadi. Asosan neft va gaz sektoriga. Lekin AQSh kompaniyalari korrupsiya va turli cheklovlardan nolib keladi. Vashington sharoitni tuzatishni so’ramoqda.

AQSh bosh diplomati Ostonada matbuot xodimlari bilan muloqotda Qirg’izistonga ham to’xtaldi.

“Bu mamlakat murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Ko’plab muammolar qatorida terrorizm, qoradori savdosi va uyushgan jinoyatchilik… O’zbek-qirg’iz orasida hamjihatlikka erishish ham eng muhim masala bo’lib qolmoqda”, - deydi Bleyk.