Bir haftalik xorijiy safarga chiqgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o’tgan jumadan beri Turkiya, Gretsiya, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklarida bo’ldi, bugun Saudiya Arabistoniga bordi.
Your browser doesn’t support HTML5
Blinken Isroilning G’azoga hujumlari va sektordagi harbiy amaliyoti natijasida mintaqada yuzaga kelgan taranglikni yumshatishga, mojaroning kengayishiga yo’l qo’ymaslikka harakat qilmoqda.
Iordaniyada Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadiy bilan uchrashuvdan so’ng Blinken Jahon oziq-ovqat dasturi omborini ko’zdan kechirdi.
“Muhtojlarga yordamni kuchaytirish o’ta muhimdir. Uni G’azoga jo’natish bilan cheklanmasdan G’azoga borgan yordamni samarali taqsimlashimiz ham kerakdir. Yaqin kunlarda shu ustida ish olib boramiz”, - dedi Blinken.
AQSh davlat kotibi Qatarda Bosh vazir Muhammad bin Abdulrahmon Al-Taniy bilan ko’rishdi. Qo’shma matbuot anjumanida Blinken Isroil Vazirlar mahkamasidagi ayrim siyosatchilarning falastinliklarni G’azodan tashqariga ko’chirish kerakligi haqidagi gaplariga qo’shilmasligini aytdi.
“Bunday bayonotlar mas’uliyatsizlikdir. Bu gijgijlovchi bayonotlar bo’lib, falastinliklarning G’azo kelajagini XAMASsiz belgilash harakatlarini qiyinlashtiradi”, - dedi u.
Isroil Prezidenti Isaak Gersog Isroil hukumati falastinliklarni G’azodan haydashni maqsad qilmaydi deya bu masalaga oydinlik kiritdi.
“30 ta vazir o’tiradigan mahkamada xavfsizlik masalalari bilan shug’ullanmaydigan vazir xohlagan gapini aytishi mumkin. Menga bu yoqmasa-da, Isroilda siyosat shunday. Ammo men shuni rasman va aniq aytamanki, bu Isroilning pozitsiyasi emas”, - dedi prezident.
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu urush belgilangan maqsadlarga erishilmaguncha tugamasligini yana bir bor ta’kidlab o’tdi.
"XAMASning yo’q qilinishi, garovga olingan barcha odamlarning qaytarilishi, G’azo ortiq Isroilga tahdid bo’lmasligini ta’minlash ana shu maqsadlar”, - dedi u.
Blinken bugun Birlashgan Arab Amirliklari rahbari Shayx Muhammad bin Zayid al-Nahiyon bilan Abu-Dabida ko’rishib, G’azodagi gumanitar vaziyatni muhokama qildi, mojaroning mintaqaga tarqalmasligi uchun amirliklardan yordam so’radi.
AQSh rasmiysi G’arbiy Sohil va Isroilda ham bo’lishi kutilmoqda, Isroil rasmiylarini tinch aholini himoya qilishga takror da’vat etadi.
Bu o’rtada esa Isroilning G’azoga hujumlari davom etmoqda. Bugun Rafah shahriga havo hujumida uch odam o’lgan, 15 kishi jarohat olgan. Rafahdan 15 kilometr narida joylashgan Dayral Balah shahridagi bir uyga ham zarba berilib, 9 va 11 yashar aka-uka qurbon bo’lgan.
G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi so’nggi 24 soat ichida Dayral Balah, Xon-Yunus, Rafah va boshqa joylarga Isroil hujumlarida jami 73 odam o’lgani haqida xabar berdi. So’nggi 93 kunda esa 22835 nafar falastinlik nobud bo’lgani aytilmoqda.
Dushanba kuni Iordaniya qiroli Abdulla G’azodagi vaziyatni sharhlarb, Isroil olib borayotgan urush natijasida G’azoda yetimlar avlodi paydo bo’layotganini aytdi.
“Adovatga asoslangan tartibsiz tajovuz va hujumlar qanday qilib tinchlikka yetaklashi, xavfsizlikni ta’minlashi mumkin?”, - dedi qirol.