"Boko Haram" terror guruhi Nigeriyaning Barno shtatida bir qishloqqa bostirib kirib, o'nlab insonlarni o'ldirgan. Bozor qizigan paytda qurollangan to'dalar mashinalarda kelib, rastalarni vayron qilgan va duch kelgan odamni o'qqa tutgan.
Afrikaning eng ko'p aholiga ega jamiyati shu tariqa jangari hujumlaridan azob chekib kelmoqda. Bugungi xurujda ular ayrimlarni ushlab olib ketgan va shtatning boshqa joyida olib borib, bittadan otib o'ldirgan, deydi rasmiylar.
Hukumat hududga tezkor qo'shin safarbar etgan lekin ular insonlar hayotini saqlashga kechikkan.
"Boko Haram" biror joyda G'arbga xos biror belgi yo manzara ko'rinsa yoki G'arb haqida kimdir ijobiy fikrlayotgani yoki gapirayotganini eshitsa, nishonga oladi. O'tgan besh yil ichida mana shunday sabablar bilan maktablar, bozor, cherkov, masjid, turli idoralar, shahar va qishloqlar barbod qilingan. Minglab begunoh nigeriyaliklar o'ldirilgan.
"Boko Haram" terror guruhining maqsadi - Nigeriyani shariatga asoslangan tuzumga aylantirish. Biroq islomshunoslar nazarida bu guruh din va iymondan juda yiroq.