AQSh Markaziy Osiyodagi asosiy maqsadlaridan biri mintaqa bo’ylab iqtisodiy rivojlanishga hissa qo’shish ekanini ta’kidlab keladi. Farovon va barqaror Markaziy Osiyo Amerika suyanadigan hamkor bo’ladi, deydi diplomatlar. Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi Obama ma’muriyatiga bu borada yeti tavsiya bilan murojaat qilmoqda.
Birinchi tavsiya: Oq uy Xavfsizlik kengashida Yevrosiyoda savdo va iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi direktor tayinlang. Hozir kengashda aynan tijorat va integratsiya bilan mashg’ul rasmiy yo’q.
Ikkinchidan, qanchalik qiyin bo’lmasin, savdo va sarmoya targ’ibotiga ko’proq e’tibor bering. Bu sohada konkret loyihalar bilan chiqing.
Uchinchidan, Yangi Ipak Yo’li tashabbusi faqat g’oya demang. G’oya ekani aniq, uning amaliyotini ham o’z zimmangizga oling va say-harakat orqali mintaqadagi davlatlarni o’zingizga ergashtiring.
To’rtinchidan, Markaziy Osiyoga yuqori lavozimlardagi rasmiylarni ko’proq yuboring. Tijorat, energetika, mudofaa vazirligidan, shuningdek, Kongress a’zolari tez-tez borib tursin. Mintaqa jiddiy e’tibordami, demak, buni namoyish qiling.
Beshinchidan, Markaziy Osiyo davlatlarini tushunishga harakat qiling. Ular Rossiya, Xitoy va Amerika orasida sarson bo’lmasligi uchun o’zaro ishonchni mustahkamlovchi qarorlar qiling. Yo u yo biz degan shartlar qo’ymang. Aksincha, barcha tomonlarni birga ishlashga majburlovchi dasturlar bilan chiqing.
Oltinchidan, mintaqa davlatlarini iloji boricha katta xalqaro loyiha va tashkilotlarga jalb eting. Markaziy Osiyoni boshqa mintaqalar bilan bog’lang. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashdan tortib, ilm-fan bobida izlanishlargacha, mintaqa global tashabbuslarga sherik bo’lishida yordamlashing.
Yettinchi tavsiya: universitetlararo hamkorlik, ta’limiy almashinuvlar, biznes treninglar va tadqiqotlarga ko’proq mablag’ ajrating va bu sohalarga sarmoya kiriting.
Bu tavsiyalar bilan chiqqan ekspert Andryu Kachins mintaqaning yosh mutaxassislari bilan davra suhbati uyushtirib, ularning fikr-mulohazalarini tingladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qozog’iston va O’zbekistondagi vaziyatni yaqindan o’rgangan Roman Vakulchuk hozirda Norvegiya Xalqaro aloqalar institutida tadqiqotchi. U o’zbekistonlik Farrux Irnazarov va qozog’istonlik Oyto’lqin Kurmanova bilan birgalikda o’z izlanishlari haqida so’zlar ekan, kelajak ko’pchilik o’ylagandek qorong’i emas, deydi.
To’g’ri, deydi Vakulchuk, Markaziy Osiyoga sarmoya kiritish, mahsulot ishlab chiqarish, davlat bilan til topishish, zarur ishchi kuchini jalb etish, qolaversa endigina oyoqqa turayotgan bank tizimlari bilan ishlash juda qiyin. Biroq bugun mintaqada biznes qilish oldingiga qaraganda ancha yengillashgan. O’tgan chorak asr davomida Markaziy Osiyoda o’ziga xos biznes sektor shakllandi, uning liderlari paydo bo’ldi. Xalqaro me’yor va talablar nimaligini biladigan, g’arb va sharq xususiy sektorlari bilan ishlay oladigan mutaxassislar va tijoratchilar bor, deydi Vakulchuk. Korrupsiya va poraxo’rlik chuqur ildiz otgan, ammo astalik bilan bu illatlarga bosh egishni xohlamaydigan, adolatli biznes usullarini qo’llashga o’rgangan doiralar ham shakllandi va shakllanmoqda, deydi ekspert. Ularni quvvatlash kerak.
Vakulchuk va uning hamkasblari 2009-2014-yillar orasida mintaqa bo’ylab 483 kompaniya va firmalarning faoliyati bilan tanishgan. Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekistondagi biznes liderlar bilan suhbatlashgan. Hozirgi biznes muhit, deya tushuntiradi Vakulchuk, murakkab biroq tushunsa bo’ladigan ko’rinishga ega: sovetcha, mahalliy va g’arbcha hamda xalqaro bizneslarning muayyan sharoitga moslashgan uslublari qorishib ketgan maydon. Oddiy qilib aytganda, o’tish davriga xos holat. O’tmish sarqitlaridan qutula olmaysiz, yangi metodlarni o’zlashtirish uchun qattiq mehnat qilish kerak.
Markaziy Osiyodagi katta chet el bizneslari avvalo hukumat bilan til topisha olgan korporatsiyalardir. Ular yirik strategik sohalarga jalb qilingan, doimiy nazorat ostida, moliyaviy tekshiruv qattiq lekin daromad va faoliyati barqaror. Kichik va o’rta hajmdagi bizneslar esa xususiy sektor hisoblanib, yirik kompaniyalarga qaraganda kamroq bosim ostida, lekin kelajakdan xavotir kuchli, ya’ni yopilib ketish ehtimoli yuqori.
Vakulchik deydiki, katta shahar va markazlarga biznes boshqaruv va nazorat ko’lami viloyat va olis joylardagidan farq qiladi. Shuningdek, bizneslarga nisbatan mahalliy bosim ham kuchli. Professionalizm darajasi orasida ham katta farq bor.
Bu ekspertning chet el sarmoyachilariga asosiy maslahati: mintaqani obdon o’rganing, biznes imkoniyatlari va to’siqlar yuzasidan izchil izlanishlar olib boring. Ana undan keyingina bir qarorga keling. Tajriba shuni ko’rsatadiki, muhitni puxta o’rganib keyin ish boshlagan kompaniyalar uzoq muddat ishlay oladigan va daromadi ham yuqori.
Bank tizimini rivojlantirish va konvertatsiya muammosini hal etish bilan azaliy boshog'riqlardan qutulish mumkin. O'zgarishlar sekin, deydi ekspertlar, lekin bor. Bank va moliyaviy xizmat sohasi o’tgan yillarda ancha oyoqqa turdi, biroq kapital olib kirish, valyuta oqimi va transaksiyalar bilan bog’liq muammolar chet el kompaniyalari va mahalliy bizneslar uchun eng katta to’siq bo’lib qolmoqda. Ayrim kompaniyalar O'zbekistondan mahsulot eksport qilib, o'zi uchun konvertatsiya muammosini hal qiladi. Biroq bu ham doimiy yechim emas.
Qozog’istonlik ekspert Oyto’lqin Kurmanova tahlilicha, mintaqa davlatlari o’zini rivojlanmagan hudud deb bilmaydi va chet el bizneslari ularga jiddiy sherik deb qarashini xohlaydi. Har bir davlat o’z iqtisodiyotini kengaytirishni, xilma-xillikni ta’minlab, faqat bir-ikki sohaga emas, turfa yo’nalishlarni rivojlantirishni istaydi. Doimiy muammo shuki, deydi Kurmanova, qo’shni mamlakatlar bir-biri bilan biznes qilishda hamon qiynaladi, o’zaro ishonch past. Birdamlik yetishmaydi. Bu esa har bir davlat va uning xalqiga zarar.
O’zbekistonlik mutaxassis Farrux Irnazarov kelajakdan umid katta deydi. Harakat qilayotgan bizneslarni qo’llash kerak, ularning boshida turgan odamlarga quloq tutib, mintaqa xususiy sektorini, mahalliy va xalqaro kompaniya va firmalarni birlashtirgan tijorat palata tuzish kerak. Toki, deydi Irnazarov, bizneslar o’z muammolarini birga muhokama qiladigan, imkoniyatlardan bir-birini boxabar qiladigan platforma bo’lsin. Hozir muayyan davlatlarning hamkor mamlakatlar bilan o’z tijoriy palatalari bor. Lekin mintaqaviy miqyosda bunday organ mavjud emas. Biznes bilan bog’liq masalalarga bizneslarning o’zi yechim izlashi kerak, deydi Irnazarov.