Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati (Central Eurasian Studies Society) Nyu-Jersi shtatining Prinston Universitetida yillik yig'inini o'tkazdi. 2000-yillar boshida asos solingan tashkilot har yili kuzda Shimoliy Amerikaning taniqli oliygohlaridan birida anjuman uyushtiradi. Markaziy Yevrosiyo - Kavkazdan Tibetgacha bo’lgan hudud. Markaziy Osiyo uning markazida.
Yuzlab mutaxassislar a'zoligidagi akademik uyushma - siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy mavzularni ilmiy jihatdan muhokama qilish davrasi.
Prinston dunyodagi eng nufuzli oliygohlardan biri. 1746-yilda ochilgan. 8000 dan oshiq talabaga ega. Yiriq tadqiqot markazi.
Afsuski, Markaziy Yevrosiyo Ilmiy Jamiyati qatnashchilarning xarajatini qoplamaydi. Anjumanda internet orqali ishtirok etish mumkin emas. Shu bois yig'ilganlarning aksariyati Shimoliy Amerika va Yevropa ilmiy maskanlaridan, qolaversa o'zlari alohida homiy topa olgan professionallar.
O'zbekiston yangi rahbar ish boshlagani, yaqinlashayotgan saylovlar, shuningdek, Qirg'izistondagi siyosiy jarayonlar, konstitutsiyani o'zgartirish harakati; Tojikiston iqtisodi bugun Rossiyadagi migrantlar topgan pulga tobeligi; Turkmaniston xalqaro tashkilotlar bilan sal bo'lsa-da yaqinroq ishlashga o'tgani; Qozog'iston iqtisodi va uning global maydondagi tashabbuslari; Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz, Putin siyosati; Kavkaz mamlakatlaridagi vaziyat hamda xorijdagi markaziy osiyoliklar va ularning vatanga ta'siri - anjumanda eng ko'p e'tibor shu mavzularga qaratildi.
Your browser doesn’t support HTML5
To'rt kun davomida o'nlab davra suhbatlari, prezentatsiya va munozaralar o'tadi. Mintaqashunoslar, siyosatshunoslar, jamiyatshunoslar, tilshunoslar, madaniyat va san'atshunoslar, tarixchilar, iqtisodchi, tahlilchi va jurnalistlar ishtirok etadi. Yangi kitoblar, ilmiy manbalar va hisobotlar tahlil qilinadi; ularni bitgan ekspertlar bilan muloqot qilasiz, fikr almashasiz.
Albatta, ko'plab mutaxassislarning imkoniyatlari cheklangan. Biroq bu yig'in xulosalari, taqdim etilgan ishlar chop etilganida, ularni o'qish-o'rganish mumkin.
Bunday anjumanlar mintaqada ham o'tishi, mahalliy olimlar g'arblik ekspertlarga mezbonlik qilishi mumkin. Ilmiy yig'inlar o'tkazish ko'plab mamlakatlarda nafaqat akademik niyat va rejaga, balki siyosiy iroda va hukumat ruxsatiga bog'liq.
Anjumandagi asosiy ma'ruzani qilgan Stiven Kotkin, amerikalik tarixchi, Sovet davri haqida o'nlab kitoblar va ilmiy ishlar yozgan olim, SSSR 1970-yillar oxirida Afg'onistonga nima uchun kirgani, bu urush boshida va ortida turgan shaxslar, maxfiy razvedka, xavfsizlik organlari, siyosiy doiralar va Kobuldagi o'yinlar haqida chuqur mulohazali tahlilini bayon etdi.
"Sovet tuzumi aqlsizlik emas, vijdonsizlik qurboni bo'lgan. Sistemada kuchli individuallar ko'p edi. Lekin uni aqlli odamlarning ahmoqona qarorlari yemirdi... Tuzum inson qudrati va uning kechinmalari, tajribasi ahamiyatini tan olishga ojizlik qildi",- deydi Kotkin o'z kitoblaridagi mavzularni sarhisob qilar ekan.
Your browser doesn’t support HTML5
Prinston Universiteti kampusida oltin kuz hukmron. Talabalar darsda. Ta'lim ko'lami va sifati bilan shuhrat qozongan xususiy universitetga kirish uchun hujjat topshirganlarning atigi 6-7 foizi qabul qilinadi. Bir yillik o'qish barcha xarajatlarni qo'shganda 60 ming dollar atrofida. Grantlar uchun topshirish mumkin. Shu asosda bu yerga kelib o'qiyotgan va malaka oshirayotgan o'zbekistonlik talabalar va mutaxassislar ham bor.