Xitoy tashabbusi bilan tuzilgan Osiyo infratuzilma va sarmoya banki (OISB) ikki loyihaga homiylik qilishga qaror qildi. Har ikkisi Prezident Si Zinpinning Ipak Yo’li dasturi doirasida amalga oshiriladi. Mavzu bilan men Shohruh Hamro.
Pekin siyosiy maqsadlarni ko'zlamoqda degan tanqidlarni bartaraf etish uchun, deydi tahlilchilar, loyihalarga Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham homiylik qilmoqda.
"Xitoy boshqa homiylarni ham jalb etib, faqatgina o'zinining tor maqsadlarini ko'zlamayotganini ko'rsatmoqchi. OISB o’z obro’ va imijiga ehtiyotkorlik bilan yondashyapti, chunkikredit reytingini yaxshilasa mablag’ topish ham oson bo'ladi”, - deydi tadqiqotchi Jeykob Kirkegard.
Yangi bank ta'sis etilganidan buyon mavjud xalqaro moliya institutlariga muqobil struktura sifatida tanishtiriladi. AQSh va Yaponiya unga qo’shilishdan bosh tortgani ham ma’lum ziddiyatlarga sabab bo’lgan edi.
“Xitoy – bankning eng yirik aksiyadori, lekin yagona emas. Ishontirib aytamanki, bankimiz siyosatga aralashmaydi", - dedi yaqinda “Financial Times” gazetasi bilan suhbatda OISB prezidenti Sin Likun. – Xitoy Kommunistik partiyasi a’zosi ekanim sababli menga shubha bilan qarashyapti. Qani aytingchi, agar Xitoy faqat o'zini o'ylayotgan bo'lsa, nega G’arb davlatlarini bankka qo’shilishga undayapti?”
Yangi o’yinchi uchun “xavfsiz loyihalar”
Tahlilchilarga ko'ra, ikki taraqqiyot banki yuqorida tilga olingan proyektlarga oid tahlikalarni baholab, hisob-kitob qilib chiqqanidan so’ng OISBga uzatgan. Zotan, har ikkala loyiha – yo’l qurilishiga oid. Bu degani, qarzni uzish uncha qiyin bo'lmaydi.
Masalan, Pokiston loyihasini olsak, Osiyo taraqqiyot banki – asosiy moliyachi. Mamlakatning Punjab viloyatidagi Shorkot bilan Xanivolni bog’laydigan 64 kilometrlik yo’l. Ikkinchi loyiha – Tojikiston poytaxti Dushanbeni O’zbekiston chegarasi bilan bog’laydigan yo’l. Uni OISB va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birgalikda moliyalaydi.
Ikkala bank Markaziy Osiyoda boshqa loyihalarni ham amalga oshirishni rejalamoqda.
Ipak Yo’li
Markaziy Osiyo va Pokiston Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” loyihasida katta ahamiyatga ega. Yangi loyihalar Xitoy bilan bog’laydigan yo’llarni ko’paytiradi. Punjab loyihasi – Prezident Si Zinpin o’tgan yili boshlagan 46 milliard dollarlik Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorning bir qismi.
Jahon Banki ham OISB bilan birgalikda ayrim loyihalarni moliyalashga rozi bo’ldi. Agar Jahon Banki Ipak Yo’li dasturi uchun mablag' ajratsa, bu Xitoy ilgari surayotgan loyihalarni yanada mustahkamroq qiladi.
“Bir kamar, bir yo’l” loyihasi quruqlikda va dengizda Ipak Yo’lini barpo etishni va bu bilan Xitoyni Markaziy Osiyoning g’arbiy hududlari, Yevropa va Yaqin Sharq bilan bog’lashni ko’zda tutadi. Dengiz yo’llari esa Janubi-sharqiy Osiyodan Afrikagacha yetadi.
“OISB faoliyati Xitoy manfaatlarini aks ettiradi deyishga shoshmay, natijalarni kutaylik, vaholanki "Bir kamar, bil yo’l" loyihasi endi boshlandi”, - deydi Pekindagi Karnegi-Tsingua global siyosat markazi rahbari Pol Henle.
Yangi bankka 57 ta davlat a’zo.
Nodavlat tashkilotlar bilan aloqalar
AQSh va Yaponiyaning OISBga hali qo’shilmaganiga yangi bankning oshkora va shaffof bo’lishi atrofidagi shubhalar sabab bo’ldi, xususan nodavlat tashkilotlar bilan munosabatlarida.
Ma’lumki, nodavlat tashkilotlar Osiyo taraqqiyot banki va Jahon Banki loyihalarini savol ostiga qo’yadi, mahalliy aholi va tabiatga zarari to’g’ri baholandimi, deya so’roqqa tutadi.
Ammo OISBning nodavlat tashkilotlar bilan aloqalari qanday bo’lishi hozircha noaniq.
“Nodavlat tashkilotlar jamoasi yangi bank bilan aloqalar qanday bo’lishini tushunishga harakat qilmoqda. Bank Pekinda joylashgan, Pekin esa, ma’lumki, nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga odatlanmagan, - deydi AQShning Osiyo taraqqiyot bankidagi sobiq vakili Robert Orr. – Albatta, bank tabiat muhofazasi masalasida yuqori mezon va talablarga rioya qilishga va’da bergan, lekin hozircha buning isboti yo’q".
Pol Henle esa Pekinda o’tgan oy nodavlat tashkilotlarni yanada siquvga olishni ko’zda tutadigan yangi qonunning qabul qilinganidan xavotirda.