Shanxaydan tahlilchi: Xitoyning Markaziy Osiyodagi roli oshsa oshadiki, pasaymaydi

1992-yilda, Xitoy Markaziy Osiyoning yangi mustaqil respublikalari bilan aloqa qilishni boshlagan davrda, butun mintaqa bo’ylab 500 million dollar sarmoya kiritilgan bo’lsa, 2011-yilda investitsiya hajmi 40 milliard dollarga yetdi. 25 milliardning o’zi Qozog’istonga to’g’ri keladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoy, Markaziy Osiyo va Afg'oniston/Navbahor Imamova



2006-yildan beri Qozog’iston nefti, 2009-yildan esa Turkmaniston gazi Xitoy tomon yo’nalgan. Mintaqa tabiiy boyliklari tarixda ilk bor Rossiyani chetlab o’tgan holda jahon bozoriga chiqarildi, deydi Pan Guang, Shanxay akademiyasida xalqaro tadqiqotlar markazi rahbari o’rinbosari.

Xitoyning yetakchi olimi nazarida Markaziy Osiyo uchun Xitoy sarmoyasi suv va havodek zarur. Mintaqa ham Xitoy uchun strategik, ayniqsa, energetik jihatdan nihoyatda muhim.

Professor Pan Guang 2001-yilda tashkil etilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotini mustahkam organ deb ataydi. Hamkorlik kengayishi uchun zamin yaratgan tizim, deydi u.

“Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyoning to’rt davlati (O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston) bir yoqadan bosh chiqarib, iqtisodiy, siyosiy va madaniy masalalarni birgalikda hal etishga kelishgani – tarixiy ahamiyatga ega, avval hech kuzatilmagan bir hol, shunday emasmi?”

Besh mamlakat – kuzatuvchi. Afg’oniston, Hindiston, Pokiston, Eron va Mongoliya. Yaqindan beri Turkiya ham muzokaralarda qatnashishga qiziqa boshladi. Turkiya NATO a’zosi ekan, deydi professor Pan, bu jiddiy o’zgarish.

G’arb ziyolilari va siyosatdonlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga NATO bilan tenglashishga urinayotgan, lekin zaif bir organ sifatida qaraydi. Professor Pan Guang bu fikrni tamoman rad etadi. Shanxay-6, deydi u, NATO bilan birga ishlashi kerak. Har ikkisi uchun bu dunyoda vazifa yetarli.

Masalan, Afg’onistonda, deydi Xitoy akademigi. Rossiya va Xitoy afg’on qurolli kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazishda yordamlashib, qo’ldan kelgancha sarmoya kiritib, nochor davlat iqtisodiyotini oyoqqa turg’azishda ko’maklashib, barqarorlik yo’lida hissa qo’shishi mumkin.

Turkiyaning madaniy jihatdan Markaziy Osiyo va Afg’oniston xalqlariga yaqinligi hamjihatlik uchun xizmat qilishi kerak, deydi professor.

Xitoy Afg’onistonning tabiiy boyliklari, xususan mineral zaxiralarini qazish uchun 2007-yilda ulkan kelishuv imzolagan, 3 milliard dollar miqdorida sarmoya ajratilgan. Yo’llar va transport, telekommunikatsiya hamda qishloq xo’jaligi uchun yana yuzlab million dollar ajratilgan.

Pan Guang

Olim vatani Xitoyning butun mintaqadagi rolini qisqacha qilib shunday izohlaydi: O’zaro manfaatlarga asoslangan holda madad ko’rsatish, biznes qilish va xavfsizlikni ta’minlash, xususan diniy ekstremizmga qarshi birga kurashish.

Markaziy Osiyoning qay davlatiga qaramang, ular Xitoydan shuni kutadi va so’rayapti, deya ta’kidlaydi Pan Guang. Hozir mintaqaning har bir davlatida Xitoy eng yirik sarmoyador va biznes hamkor.

Shanxay-6 doirasida Rossiya ko’proq xavfsizlikka urg’u bersa, Xitoy iqtisodiy hamkorlikka.

Ikki tomonlama aloqalar siyosiy-iqtisodiy jihatdan mustahkam deb bong urish mumkin, deydi amerikalik olim Richard Uayts (Richard Weitz, Hudson Institute), lekin ham Shanxay-6, ham mintaqaviy jihatdan masala juda murakkab.

Birinchidan, deydi u, Moskva va Pekin Markaziy Osiyodagi o’zgarishlarni turlicha ko’radi va talqin qiladi. Rasmiylar ba’zida buni qanchalik rad etmasin, ular bir-biriga raqobatdosh davlatlar. Har ikkisi ta’sir kuchini oshirish, qudratini mustamkamlash payida. Oradagi mamlakatlar albatta buni biladi va tushunadi.

Amerika Markaziy Osiyoda na Rossiya va na Xitoy bilan bellashish niyatida. Vashington rasmiylaridan shuni ko’p eshitamiz. Lekin Moskva va Pekinda o’tirgan siyosatdonlar bunga ishonmaydi. Qo’shma Shtatlar qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q, deydi ular, biznes va iqtisodiy hamkorlik bobida orqada, lekin siyosiy-ijtimoiy ta’siri beqiyos. Yangi Ipak Yo’li singari g’oyalar amalga oshishi uchun barcha davlatlar birdek tashabbus ko’rsatishi kerak, deydi Uayts, afsuski, real yondashuv kuzatilmaydi.

Richard Uayts (Richard Weitz)

Uayts singari olimlar fikricha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ko’p jihatdan zaif.

Kelishuvlar ko’p hollarda qog’ozda qolib ketadi, chunki Rossiya va Xitoy bir-biri olg’a surgan dasturlarni amalda quvvatlagisi kelmaydi va natijada kam mablag’ ajratiladi. Energetik klub ochamiz deyishgan edi, deydi Uayts, gaz va neft bahosi yuzasidan kelisha olmayapti. Eksportchi Moskva yonilg’i qimmatroq bo’lsin desa, iste’molchi Xitoy arzonroq deydi.

Afg’onistonda NATO va Amerika Xitoyni hamkorlikka chorlayotgan bo’lishi mumkin, ammo manfaatlar to’qnashuvi u yerda ham sezilib, siyosiy jihatdan bir pozitsiyada turishi qiyin, deya tahlil qiladi Richard Uayts. Yangi davlat va jamiyat qanday qurilishi, terrorizm, erkinlik va demokratiya deganda tomonlar turlicha qarashlar va qadriyatlarga ega.

Bir narsa aniq, deydi olim, Xitoy iqtisodiy jihatdan kuchayib borar ekan, qo’shni davlatlar u bilan iloji boricha do’stona va yaqin aloqada bo’ladi. Shu bois Markaziy Osiyo va Afg’onistondagi roli oshsa oshadiki, pasaymaydi, deydi u.