Xitoy 20 mamlakatni bog’laydigan Ipak yo’lini qayta tiklashni rejalamoqda. “Bir kamar, bir yo’l” deb atalgan loyiha uchun 140 milliard dollar ajratildi. Ammo uni amalga oshirish oson bo’lmaydi: Ipak yo’lida joylashgan mamlakatlar urushlar, hududiy mojarolar va ichki nizolar girdobida qolmoqda.
Rejaga ko’ra, Xitoy iqtisodiy ta’siri ikkita savdo yo’lini barpo etish orqali kengayadi. Biri Xitoydan savdo-sotiqni rivojlantirishga muhtoj Markaziy Osiyo va so’ngra Yevropagacha cho’ziladi. Ikkinchisi esa Xitoy portlarini Afrika va Yaqin Sharqdagi katta shaharlar bilan bog’laydi.
Rejaga aloqador ko’pgina mamlakatlar bundan katta iqtisodiy foyda ko’rishi mumkin.
“Xitoyning bu loyihani amalga oshirishga qaratilgan harakatlari mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga, xususan savdo, sarmoyalar, infratuzilma kabi sohalariga katta ta’sir qiladi va pirovardida, Xitoy, AQSh va boshqa qudratli davlatlar ham buning strategik ta’sirini sezadi”, deyiladi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi chop etgan maqolada.
Xitoyning aralashmaslik siyosati va taraqqiyot rejalari
Ammo bunday keng ko’lamli loyiha Pekin azaldan bosti-bosti qilishga uringan hududiy va boshqa nizolarni dolzarblashtirishi ehtimoli bor.
Bular orasida Ukrainadagi mojaro, Janubiy Xitoy dengizida olti mamlakat orasidagi talash orollar, Xitoyning Hindiston bilan chegara tortishuvlari, Shri-Lankadagi aksil-xitoy kayfiyatlar, Xitoy bilan chegaradosh Myanma hududlaridagi beqarorlik, Pokistondagi terrorizm va Xitoyning Shinjon-uyg’ur muxtoriyatidagi qaltis vaziyatni sanab o’tish mumkin.
“Agar hududiy mojarolar hal bo’lmasa, ular “Bir kamar, bir yo’l” dasturiga salbiy ta’sir qiladi. Ikki qo’shni davlat urushsa, taraqqiyot ham bo’lmaydi”, - dedi Xitoyning Qirg’iziston, Qozog’iston, Latviya va Ukrainada elchisi bo’lib ishlagan Yao Peyshen.
Tanqidchilar loyihani Xitoyning “Marshal rejasi” deb, u orqali Pekin o’zining dunyodagi qudratini oshirishni ko’zlayotganini aytmoqda. “Marshal rejasi” Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh tomonidan ishlab chiqilgan dastur bo’lib, Yevropaga iqtisodiy va moliyaviy yordam ajratish orqali qit’ani rivojlantirishda, siyosiy uyushmalarni mustahkamlashda kattya rol o’ynagan edi.
Xitoy rasmiylariga bu kabi qiyoslash ma’qul emas. Ular yangi rejani mamlakatlarning “mushtarak taqdiri” deb atashni afzal ko’radi.
“Bu dunyoni ikki lagerga bo’lgan “Marshal rejasi” emas. Biz o’zaro maslahatlar va hamkorlik orqali harakat qilamiz, - deydi Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo tadqiqotlari instituti direktori Xu Shishen. – Biz sahna quramiz, u bitganidan keyin barcha ishtirokchilarni sahnada raqsga tushish va qo’shiq aytishga taklif qilamiz”.
Xitoy siyosiy ta’sirini ma’qullamayotgan davlatlar
Xitoy rejalariga qo’shilishni istamayotgan mamlakatlar orasida Vyetnam va Filippin bor, deydi Singapurdagi Mudofaa tadqiqotlari instituti professori Li Minjan.
O’tgan yili Xitoy neft burg’usi Vyetnamga qarashli suvlarda o’rnatilganidan keyin Vyetnamda Xitoyga qarshi norozilik namoyishlari bo'lib o’tdi. Filippin esa o’ziga qarashli deb hisoblagan orollarga Pekin da’vo qilayotganiga qarshi chiqib, ishni xalqaro sudga berdi.
“ASEANga a’zo davlatlar orasida yangi Ipak yo’li loyihasi yordamida Xitoy o’z ta’sirini oshiradi degan xavotir mavjud. Singapur, Malayziya va Indoneziya ayniqsa tashvishda,” – deydi tahlilchi.
Janubiy Xitoy dengizida talash orollar ko’p. Xitoy tuzgan yangi Ipak yo’li xaritasi o’sha orollardan o’tadi. Bu esa Vyetnam va Filippin kabi mamlakatlarning loyihaga qarshiligini kuchaytirishi mumkin.
Rossiya ham yangi loyihani o’zi uchun tahdid deb ko’rmoqda. Moskva Yevrosiyo tashabbusini ilgari surayotgan bir paytda ikki qudratli davlat o’rtasida Markaziy Osiyo uchun raqobat kuchayayotgan ko’rinadi.
Shri-Lanka ham loyihaga qarshi chiqishi mumkin. Bu mamlakatda yaqinda saylovlar bo’lib o’tdi. Saylovoldi kampaniyasi chogi’da Xitoy homiyligida amalga oshirilayotgan loyihalarning korrupsiyalashgani haqida iddaolar yangradi. Shu sababdan Kolombodagi yangi hukumat port shahri qurilishini to’xtatib qo’ydi.
Tahlilchilar fikricha, Xitoy Prezidenti Si Zinpin “Bir kamar, bir yo’l” loyihasini turli mamlakatlarning hamkorlikka tayyorligi darajasini tekshirish vositasi sifatida ko’ryapti.
Pekin yangi Osiyo infratuzilma va sarmoya bankidan transport va infratuzilma qurish va bu bilan savdo-sotiqni faollashtirish uchun foydalanmoqchi. Bu loyihani 57 mamlakat, shu jumladan Britaniya, Fransiya va Germaniya ma’qullagan. Pekin Hind okeani orqali savdo yo’llarini rivojlantirishga harakat qilayotgan Dehlini ham jalb etish ilinjida.
“Biz turli platformalar, ikki, uch va ko’p tomonlama aloqalar hamda yangi bank orqali muammolarni yechishga harakat qilamiz. Ikki yoki uch davlat orasida kelishmovchiliklar bo’lsa, birgalashib ularni hal qilamiz”, - deydi sobiq diplomat Yao.
Xitoy loyihaning jozibadorligini oshirish maqsadida uni o’zgartirishga ham tayyor. Bu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xaritani ham o’zgartirish mumkinligi, qaysi loyihalarga qo’shilish mamlakatlarning o’ziga havola ekanini aytib o’tdi.
Loyiha xarajatlari
Katta loyiha nihoyatda qimmatga tushishi haqida vashingtonlik tahlilchilar Skott Kennedi va Devid Parkerlar ogohlantirdi.
“Xitoy qurilish kompaniyalarining xorijiy mamlakatlarda yaxshi ishlay olmasligini, shu jumladan mahalliy ishchilar huquqlarining buzilishini inobatga olsak, ularning mamlakat tashqarisidagi faoliyatining oshishi Pekin uchun jiddiy siyosiy zarba bo’lishi mumkin. Bu Xitoyning siyosiy imijiga salbiy ta’sir qiladi, mezbon mamlakatlarda esa beqarorlikka olib kelishi mumkin, ayniqsa mahalliy iqtisodlar uchun kerakli bo’lgan daromad manbaiga aylanmasa,” deya fikr bildiradi ular.
Ammo Singapurdan tahlilchi Li “Xitoy turli o’lkalarda loyihani moliyalash yo’llarini topadi. Shu bois Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uchun loyiha jozibador, chunki ular infratuzilmani yaxhilashga muhtoj”, deya fikr bildirdi.
Markaziy Osiyo davlatlari Xitoydan mablag’ olish tarafdori, chunki neft narxlarining pasayishi hamda Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlarining vataniga kamroq pul yuborishi iqtisodga jiddiy zarar yetkazdi.
Xitoy yangi ta’sis etilgan Ipak yo’li jamg’armasi uchun 40 milliard dollar ajratdi. Osiyo infratuzilma va sarmoya banki kapitali 100 milliard dollarga teng. Ammo aslida loyiha uchun bundan uch yoki to’rt marta ko’proq mablag’ sarflanishi mumkin, deydi tahlilchilar. Qo’shimcha ravishda yangi obligatsiyalar chiqariladi, Pekindagi Xitoy taraqqiyot banki kam foizli kreditlar ajratadi.
Shu bois avval loyihaga tanqidiy qaragan davlatlar endi uning foydasiga ishonayotgan ko’rinadi. AQShning yangi bank va Ipak yo’liga oid tanqidlariga qaramay, ko’p mamlakatlar uchun arzon kreditlar va yangi infratuzilma jozibaliligicha qolmoqda.