Xitoyning Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida politsiya ikki kishini o’tib o’ldirgan. Ular Pokistonda tayyorgarlikdan o’tgan uyg’ur terrorchilar edi, deydi mahalliy rasmiylar.
Shinjon politsiyasining bildirishicha, bu shaxslar Qashg’ar shahri yaqinidagi makkajo’xori dalasida yashirinib yotgan bo’lgan. Shu yerda yakshanba kuni xavfsizlik kuchlari olti kishini o’ldirib, yana 15 nafarini yaralagan edi.
Shu tariqa uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb atovchi, o’zining asl vatani deb biluvchi o’lkada ikki kun ichida 20 odamning yostig’i quridi.
Xitoy ta'biricha zo’ravonliklar ortida Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati degan ekstremist guruh turibdi.
Ularning a’zolari qo’shni Pokistonda, Tolibon va al-Qoida shafeligida jangarilikni o’rgangan va Xitoyga qarshi xurujlar rejalagan, deydi rasmiylar.
Jahon uyg’urlari yetakchisi Robiya Qodir, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Shinjondagi notinchliklar sababini shunday izohlaydi:
“Xitoy uyg’urlarni yer sharidan butunlay yo’q qilish uchun, xitoylarni Sharqiy Turkiston, ya’ni Uyg’uristonga ko’chirib, u yerni xitoylar makoniga aylantirish uchun, uyg’urlar musulmon ekani uchun, butun dunyoda hozirda terrorga qarshi olib borilayotgan kurashni bahona qilib, uyg’urlarning otini “uyg’ur-terroristlar” qo’yib, ularni bostirmoqda. Bu hammasi bizni yo’q qilish uchun olib borilayotgan harakatning bir qismi”.
Uy’gurlar orasida zo’ravonlik yo’lini tanlagan odamlar yo’q deb kafolat bera olasizmi? - deya so’raymiz Robiya Qodirdan.
“Xitoy uyg’urlarni shunday zo’ravonlik qilishga maburlamoqda. Masalan, kimningdir akasini, kimningdir bolasini yoki otasini tutib olib ketadi. Hech bir gunohsiz, so’roqsiz jazolaydi, uyg’ur ekani uchun. Turmalarda hozir o’nlab ming begunoh odamlar o’tiribdi. Mana shu ikki-uch oy ichida 40 odam o’lim jazosiga hukm qilindi. 18-19 yoshli uyg’urlar, yigit-qizlar. Terroristlar deb ular o’limga mahkum etildi. Birortasi terrorist emas. Xitoydan dod deb chiqqan yoshlar xolos. Hukumat kimningdir otasi, bolasi yoki inini o’ldirsa, odamlar jim o’tirsinmi? O’ch olish uchun chiqadi albatta. Haq-huquqini talab qiladi albatta. Men bunga terrorizm harakati deb qaramayman. Bu erkinlik uchun kurash, o’zini himoya qilish, elatini asrab qolish uchun kurash”.
Vashingtonda asoslangan Uyg’ur-Amerika Uyushmasi, xalqaro maydonda bu elat nomidan so’zlovchi tashkilotning bildirishicha ham o’lkadagi notinchliklarda Xitoy hukumatining o’zi aybdor.
Uyg’urlarni tinimsiz siquvga olayotgan, ulardan shubhalanib, yoshu qarini birdek ezib kelayotgan tuzum aybni o’zidan izlasin, deydi surgundagi yetakchilar.
Uyg’urlarni bardam bo’lishga, adolat va haqiqat yo’lida bosh egmaslikka undar ekan, uyushma Xitoy bu elatga nisbatan tazyiqni yanada oshirishi mumkin, xalqaro hamjamiyat ogoh turishi kerak, begunoh insonlar qoni to’kilmasligi uchun dadilroq gapirishi kerak deya undamoqda.
Pokiston Xitoy bilan hamkorlikda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga qarshi choralar ko’rayotganini bildirmoqda.
2000-yillar boshida, 11 sentabr xurujlari ketidan Amerika terrorga qarshi urush e’lon qilgan paytda, guruh “terror tashkiloti” deya tamg’alangan, keyinchalik esa bu ro’yxatdan olib tashlangan.
Xitoy pozitsiyasi shuki, mazkur guruh terrorizm va ekstremizmdan qaytmagan va shanba kuni uning a’zolari Qashg’arda yuk mashinasida olomonni nishonga olib, sakkiz odamni o’ldirgan. Yakshanba kuni esa bir restoranga hujum qilingan, egasi o’ldirilib, bino yoqib yuborilgan. Qo’lga tushgan jangarilar kim ekani va maqsadi nimaligini tan olmoqda, deydi Shinjon politsiyasi.
Uyg’ur yetakchilar esa Xitoy hukumatini uydirma va tuhmatda ayblaydi.
Robiya Qodir bilan suhbatni mana bu yerda tinglab tomosha qilishingiz mumkin: