Kelasi hafta Xitoy delegatsiyasining Vashingtonga tashrifi oldidan, AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Pekinda rasmiylar bilan muzokara qilyapti.
Maqsad bu davlatni harbiy sohada yaqinroq muloqotga ko’ndirish. Ma’lumki, Amerikaning Tayvanga qurol sotish qarori Xitoyda chuqur norozilik uyg’otgan.
O’tgan yili hatto harbiy almashinuv dasturlari to’xtab qolgan edi. Ikki qudratli davlat barcha kelishmovchiliklarni dialog orqali hal qilishi lozim, deydi vazir Geyts.
So’nggi yillarda Xitoy nafaqat Osiyoda, balki jahon sahnasida ham o’zini yetakchi davlat qilib ko’rsatishga harakat qilmoqda.
Buni birinchi navbatda mudofaa sanoatidagi islohotlarda ko’rish mumkin. Yangi qiruvchi samolyotlar, uzoq masofali ballistik raketalar, suv osti kemalar va hokazo.
“Xitoyda modernizatsiya sur’ati va ko’lami biz o’ylangandan ham ildamroq ekan”, - deydi Robert Geyts, Amerika mudofaa vaziri.
Kuni kecha internetda radar ilg’amaydigan samolyotlar tasvirlari, ya’ni Xitoy bu loyiha ustida ishlayotganini isbotlovchi dalillar paydo bo’ldi. “Bu bizni albatta xavotirga soladi”, - deydi Geyts. Amerikaning kelasi yilgi mudofaa byudjeti buni hisob olgan holda tuziladi.
Qo’shma Shtatlar Xitoy harbiy salohiyati oshayotganini diqqat bilan kuzatib kelmoqda. 1999-2009 yillar oralig’ida bu davlat mudofaa byudjeti, rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, to’rt karra oshgan. O’tgan yili taxminan 80 millard dollar edi.
Amerika bilan qiyoslaganda bu 10 baravar kam. Biroq Pentagon Janubiy Xitoy dengizidagi nizolar va Pekinning qo’shnilar bilan munosabatiga e’tibor qaratadi.
Xitoy mintaqada o’z so’zini o’tkazishga harakat qilayotgani ayon, deydi rasmiylar. 2011 yilda hududiy tortishuvlar yana avj olishi kutilmoqda. Xitoy AQShning vositachilik taklifini rad etish bilan birga, yirik harbiy kemalarni bu hududga yaqinlashtirmang deb ogohlantirib keladi.
Osiyoshunos olim Vill Marshall deydiki, Xitoy hukumatining “biz tinch o’sayotgan mamlakatmiz, hech kimga tahdid solmaymiz”, degan bayonotlari amalda isbotini topmayapti.
Uning ta’biricha, Qo’shma Shtatlar Osiyoda tinchlikni kafolatlovchi va bu yerdagi ittifoqchi mamlakatlar bilan hamkor ekanini eslatib qo’yishi lozim.
“AQSh Xitoyga dushman deb qaramaydi, lekin o’zboshimcha, agressiv hatti-harakatlarga oxir-oqibat tayoq bilan javob berishi mumkin”, - deydi tahlilchi Din Cheng.
Uning qayd etishicha, tashqi siyosatda qanday yo’l tutish borasida kommunist rahbarlar bir fikrda emas. Mudofaa vaziri Robert Geyts ular bilan uchrashuvda dialog va hamkorlik ahamiyatiga urg’u berishi kerak.
Geytsning Pekinga tashrifi sakkiz oydan beri davom etayotgan ziddiyatlarni yumshatishiga umid bog’langan. “Harbiy almashinuv dasturlarini kengaytirishni, Eron va Shimoliy Koreya kabi masalalarda hamda qaroqchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilishni istaymiz”, - deydi vazir.
AQShning Tayvanga qurol sotishidan norozi Xitoy bu programmalarni o’tgan yili muzlatib qo’ygan edi.