Xitoy: AQSh bilan savdo urushini istamaymiz, ammo javob berishga majbur bo’lamiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp po’lat va alyuminiy importiga tarif qo’yishi haqida og’iz ochishi bilan Xitoy xavotirlarini bildirmoqda. Bu mamlakat tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Jan Yesuining aytishicha, Xitoy Amerika bilan savdo urushini istamaydi, ammo qo’l qovushtirib ham o’tirmaydi.

“Agar Xitoy manfaatlariga zarar yetsa, javob berishga majbur bo’lamiz”, - dedi u.

Tramp o’tgan hafta e’lon qilgan rejaga ko’ra, po’lat importiga 25 foiz, alyuminiy importiga 10 foiz boj qo'yiladi. Bu yangilik nafaqat Xitoy, balki Kanada va Yevropa mamlakatlari noroziligiga ham sabab bo’ldi. Shunday bo’lgan taqdirda, ular ham chora ko’rishlarini ma’lum qildi.

Tahlilchilarning aytishicha, Tramp saylov paytida savdo masalasida Xitoyga qattiq turishi haqidagi va’dalarining ustidan chiqishga harakat qilmoqda, ammo bunday qadam Xitoyni avia va qishloq xo’jaligi sohalarida javob berishga majbur qilishi mumkin. Ekspertlar 2016-yil saylovlarida Trampni qo’llab-quvvatlagan xitoylik amerikaliklar undan yuz o’girishi mumkin, deya ham taxmin qilmoqda.

Xitoy vazirining aytishicha, savdoni yaxshilash uchun bozorlarni cheklash emas, ochish, hamkorlikni kengaytirish lozim.

“Agar siyosatni xato xulosalar va taxminlar asosida yuritadigan bo’lsak, ikki tomonlama aloqalar zarar ko’radi, oqibatlari esa har ikki davlat uchun salbiy bo’ladi”, - dedi Jan.

Qo’shma Shtatlar Xitoyning iqtisodiy va harbiy qudrati oshib borayotganidan xavotirda. Joriy yilda Pekin harbiy byudjeti bir necha foizga oshishi mumkin, biroq deydi xitoylik rasmiylar, xavotirga o’rin yo’q, bu shunchaki oldingi yillardagi kamomadni yopish, harbiy uskunani yangilash, askarlarning yashash sharoitini yaxshilash va harbiy tayyorgarligini oshirish uchun qilinmoqda.

Tahlilchilar bashoratiga ko’ra, harbiy byudjet 10 foizga oshirilishi aytilmoqda, ammo asl raqam bundan-da kattaroq bo’lishi mumkin.

O’tgan yili Xitoyning mudofaa uchun xarajatlari salkam 165 milliard dollarga tushdi, bu AQShnikidan to’rt baravar kam.