Xitoy: Shinjonda hech narsani yashirayotganimiz yo’q

  • Amerika Ovozi

G’arb davlatlari va xalqaro tashkilotlar BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissarini Shinjonga kiriting, deya Xitoy hukumatiga murojaat qilmoqda. Maqsad – muxtoriyatda uyg’ur va boshqa musulmon xalqlar qanday ahvolda ekanini o’rganish.

Ushbu chaqiriq yangragan virtual majlisni 18 davlat, jumladan, Germaniya, AQSh, Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va yana bir qancha Yevropa mamlakatlari tashkillashtirdi.

G’arb davlatlari va huquq tashkilotlariga ko’ra, Shinjondagi “qayta tarbiyalash lagerlarida” milliondan oshiq uyg’urlar saqlanmoqda. Pekinni ular, shuningdek, qiynoq, majburiy mehnat va ayollarni sterilizatsiya qilishda ayblaydi.

“Xitoy hukumati insoniyatga qarshi jinoyatlarini, Shinjonda uyg’urlar va boshqa ozchilikdagi xalqlar vakillariga qarshi genotsidni to’xtatmaguncha bu haqda gapirishda davom etamiz. Xitoy barcha fuqarolarining fundamental huquqlarini birdek hurmat qilishi kerak”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.

BMTning Shinjondagi vaziyat bo'yicha virtual majlisi

Xitoyning ta’kidlashicha, lagerlar aslida diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olishga qaratilgan kasb-hunar markazlaridir.

Pekin virtual majlisni bekor qilishga, bu harakat ortida “siyosiy maqsadlar yotibdi” deya BMT a’zolarini unda qatnashmaslikka undadi.

Ammo Xitoyning BMTdagi missiyasida inson huquqlari bo’yicha mas’ul diplomat Tsyakun Guo sessiyada qisqa nutq so’zlab, “haqiqatni aytish vaqti” keldi deya bayon qildi.

“Xitoy Shinjonda hech narsani yashirayotgani yo’q, Shinjon doimo ochiq, - deydi diplomat. – O’tgan yillar davomida 100 davlatdan 1200 diplomat, jurnalist va tadqiqotchilar bu viloyatga safar qilgan. Boshqalar ham borib ko’rishi mumkin, lekin yolg’onga asoslangan va ayb topishga qaratilgan tergovga qarshimiz. Shinjon tinch va farovon hudud. Undan foydalanib, Xitoyni jilovlashga urinish samara bermaydi”.

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Mishel Bachelet anchadan buyon Shinjonga kirishga ruxsat so’rab kelmoqda. Fevralda Xitoy uni taklif qilganini bildirgan edi, ammo tashrif amalga oshgani yo’q.

Qo’shma Shtatlar Xitoydagi uyg’ur aholiga zulmni genotsid deb tasvirlab, mart oyida bir necha xitoylik amaldorlarga sanksiya qo’ydi. Buning ortidan Yevropa Ittifoqi ham jazo choralarini qo’lladi. Shinjon bilan savdo cheklangan. Uyg’urlarni majburiy mehnatga jalb qilgan ayrim Xitoy kompaniyalari ham sanksiya ostida.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 14-may, 2021-yil