Breaking News

Xitoyda boshqa xalqlar ham uyg’urlar kabi azobda, deydi faollar


Nyu-Yorkda Xitoyga, adolatsizlikka qarshi namoyish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:33 0:00

10-dekabr xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan Nyu-Yorkda Xitoyga qarshi namoyish bo’lib o’tdi. BMT bosh qarorgohi binosi oldida o’tgan aksiyada 100 dan ortiq odam qatnashdi. Xitoydan chiqqan xalqlar va elatlar vakillari qatorida norozilik namoyishida Nyu-Yorkdagi uyg’urlar hamda qozog’istonlik faollar ham qatnashdi.

Sharqiy Turkiston milliy uyg’onish harakati faoli Miraziz Boyxo’jayev:

“Bu yerga kelganligimizning bosh sababi - Xitoy BMT Inson huquqlari kengashiga kirganligi. Bu hol inson aql-idrokiga hech ham sig’maydi. Qanday qilib o’z hududida odamlarni qirg’in qilayotgan mamlakatni inson huquqlarini himoya qilishga mas’ul kengashga kiritish mumkin? Birinchidan, biz ana shunga qarshi kurashyapmiz va biz Xitoyni BMT kengashidan chiqarishlarini istardik. Buni talab ham qilayapmiz. Sizlardan ham bu ishda bizni qo’llashingizni xohlardik. Bu yerga uzlukliz kelib turganimizning yana bir sababi - Sharqiy Turkiston mustaqilligi. Bizga erkinlik kerak. Erkinlikdan boshqa chorani ko’rmayapmiz. Bizga avtonomiya berilgan, ammo u amalda yo’q.

Konsentratsion lagerlar bor va ularni qayta o’qitish, kasbga o’rgatish lagerlari deyishadi. Nomi avtonomiya so’zi kabi bejirim. Ammo aslini olganda u ochiq osmon ostidagi ulkan va ichida dahshatli hodisalar ro’y berayotgan qamoqxona. Shuning uchun biz qo’limizdan keladiganini qilib, har kuni Xitoyning uyg’urlarga nisbatan ekspansiyasi va qirg’iniga qarshi tiklanayotgan katta devorning alohida g’ishtlarini teryapmiz”.

“Erkin qozoqlar” harakati faoli Araylim Kontatbayeva:

“Biz bu yerga o’z so’zimizni aytish uchun yig’ilganmiz. Butun jahonga Sharqiy Turkistonda bo’layotgan adolatsizliklarni, shuningdek, Qozog’istonda muxolifatga qarshi bo’layotgan adolatsizliklarni aytmoqchimiz”.

“Erkin qozoqlar” harakati faoli Nazil Nurbayeva:

“Ma’lumki, Xitoy Kommunistik partiyasi bugungi kunda lagerlarda yuz minglab, mumkin millionlab musulmon qardoshlarimizni o’ldiryapti. Bu yerga mustaqillikni istab, qardoshlarimiz haq-huquqlari uchun kurashish maqsadida kelganmiz. Afsuski, Qozog’istonning avtoritar va diktatorlik rejimi bugungi kunda Xitoyda bo’layotgan hodisalarga hech qanday munosabat bildirmayapti. Aksincha, ular bilan hamkorlik qilmoqda hamda mamlakatimizni mustamlakaga aylantirishlariga yordamlashyapti. Bunga qarshi turmasak, bora-bora biz ham [uyg’ur] qardoshlarimiz holiga tushishimiz hech gap emas”.

Sharqiy Turkiston milliy uyg’onish harakati faoli Miraziz Boyxo’jayev:

“Hozirda Xitoyning hududi juda katta va u yerda turli elatlar vakillari yashaydi. Afsuski, qariybki ularning hammasi Sharqiy Turkiston uyg’urlari kabi azob chekishayapti. Shuning uchun bunday namoyishlarga tibetliklar, tayvanliklar, gongongliklar, turli diniy guruhlar vakillari, xristianlar, buddistlar va boshqalar ham chiqishadi”.

NY4HK (Nyu-York Gonkong uchun) harakati faoli Nikol Izsak:

“O’ylaymanki, tashqarida bo’layotgan bu chiqishlar mamlakat ichkarisidagilarga kuch bag’ishlaydi, ularni quvvatlaydi. Shuning uchun bu juda muhim”.

Sharqiy Turkiston milliy uyg’onish harakati faoli Miraziz Boyxo’jayev:

“Xitoyning shunday g’oyasi bor: inson o’z hayoti davomida ma’lum ishni yakunlashga majbur emas, balki ana shu umumiy ishni amalga oshirishga hissasini qo’shishi kerak. Bizning holatda ham taxminan o’xshash vaziyat. O’z talablarimizga erishmagunimizcha bu yerga kelaveramiz. Qandaydir natijalarga hozir erisholmasak ham, xudo xohlasa ana shu natijalarni qo’lga kiritishga muyassar bo’ladigan avlodni tarbiyalab olamiz. Ular esa mumkin shu yoki boshqa yo’llar bilan maqsadga erisharlar, ehtimol orada yangi tashkilotlar tuzilar yoki BMT isloh qilinar”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG