Qirg’iziston konstitutsiyasida vijdon va din erkinligi to’liq himoyaga olingan.
Turli din vakillarining targ’ibot ishlariga imkoniyat bor.
Qonunlar “prozelitizm”, ya’ni o’zga dinga o’tish va unga odamlar e’tiborini qaratishni taqiqlamaydi.
Shu sabab, nasroniylar xayriya tashkilotlari Qirg’izistonda ishlashi mumkin.
Jalol-obodlik Umarjon Qozixo’jayev mahalliy xristian-baptistlar jamoasining rahbari.
Bu dinga o’tganiga ancha bo’lgan.
"Albatta, odamlarning birinchi reaksiyasi – hayron qolish".
"Ayrim insonlar o’sha bolani qo’rqitsak, dinidan qaytarmikan, deb o’ylashgan. Ammo hozir odamlar hayotimi ko’rishayapti. Qaraydiki, ularga hech qanday zararim yo’q, axir, ular mening haqimda turli yomon gaplar eshitishgan. Xullas, hozir bir muammo yo’q”, - deydi Umarjon Qozixo’jayev.
O’zga dinlarga o’tish hollari, ayniqsa, Qirg’iziston shimolida ko’p uchraydi. Janubda ham boshqa dinlarga chorlovchilar oz emas.
Olis qishloqlarda bunday da’vatchilar mahalliy aholida norozilik uyg’otgan. Nasroniy oqimlarni tanlagan millatdoshlarni quvish, ularni musulmon qabristonlariga qo’ymaslik hollari qayd etilgan.
Ayni paytda shaharlarda prozelitizmga uncha e’tibor berilmaydi. Aynan shaharlarda nasroniy diniy oqimlar ibodatxonalari ko’paygan.
O’shlik dinshunos, din ishlari bo’yicha Qirg’iziston davlat komissiyasi sobiq yetakchi mutaxassisi Shamshibek Zokirovning aytishicha, sho’rolar davrida janubiy Qirg’izistonda besh pravoslav chekovi va uch-to’rt boshqa nasroniy oqimlar ibodatxonalari bo’lgan.
Hozirda ularning soni 50 dan oshgan.
“Noan’anaviy diniy oqimlarning ish-harakatlari, asosan, shaharlarda yurgizilayotir. Sababi - shaharlarda yoshlar, talabalar ko’p. Bularning asosiy maqsadi esa ko’proq yoshlarni jalb qilish. Qishloqlarda davatchilar ozroq kuzatiladi, chunki u yerlarda islomning ta’siri kuchli. Shaharlarda protestant diniy oqimi kuchaymoqda. Va bu yo’lda missionerlar zamonaviy, ilmiy usullarni qo’llashadi".
"Masalan, yoshlarning bugungi ehtiyojlarini o’rganib, ularga yordam berishga harakat qiladi. Bundan tashqari, insonni o’z saflariga tortish maqsadida unga alohida yondishadi. Aytish joizki, insonparvarlik amaliyoti bu kabi uyushmalarda yaxshi rivojlangan. Xafa bo’lishmasin-ku, lekin musulmonlar eski uslubda ish olib boradi”, - deydi Shamshibek Zokirov.
Mamlakat qonunlari diniy erkinlikni himoyada ekani sir emas. Mutaxassislar qavm uchun raqobatning kuchayib borayotgani va uning salbiy oqibatlari ehtimolidan hayiqadi.
Zokirovning aytishicha, nasroniy uyushmalar hududda ishlamoqchi bo’lsa, dastavval mahalliy aholining urf-odatlari, madaniyati va tarixini hurmat qilishi darkor.
Nasroniy baptistlar jamoasi rahbari Umarjon Qozix’ojayev:
“Bunday ko’rinishlar mavjud bo’lgan taqdirda ham qo’rqish kerak emas. Biz ashaddiy dindorlardan, o’z-o’zini portlatadiganlardan, terrorchilardan qo’rqishimiz lozim. Oddiy odamlar bir narsaga e’tiqod qilsa, masalan, Injilni tanlasa cho’chimang. Aytish joiz, juda ko’p rus yigit-qizlar musulmonchilikni qabul qilishayapti. Bu odatiy hol”, - deydi u.