Jahon bo’ylab koronavirusdan o’lganlarning chorak qismi Amerikada

  • Amerika Ovozi

AQShda koronavirus hollari keskin oshar ekan, Vitse-prezident Mayk Pens Arizona va Texas shtatlariga safari oldidan vaziyatga ijobiy tus berishga harakat qildi. Infeksiya keng tarqalayotgan 28 shtat qatoriga Arizona va Texas ham kiradi.

“O’lim holatlari mart oyidan buyon eng past darajada. Vaziyat bugun to’rt oy, hatto ikki oy oldingidan yaxshiroq”, - deydi Pens.

Uning aytishicha, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan bir guruh shifokorlar Arizonaga jo’natilgan.

Texasda 30-iyun kuni virusni yuqtirganlar 6 975 nafarni tashkil etdi. Bu pandemiya boshlanganidan buyon eng yuqori ko’rsatkish.

Vitse-prezidentga ko’ra, 50 shtatning barchasida ochilish tomon harakat ketmoqda, biroq 16 shtat ayrim cheklovlarni joyida qoldirishga qaror qildi. Ularning qarorini qo’llab-quvvatlaymiz, deydi Pens.

Vitse-prezident Mayk Pens

AQShning yetakchi infeksionisti esa vaziyatni og’ir deya baholamoqda.

“Kuniga 40 000 kishi kasallanyapti. Bu ketishda 100 000 ga ham chiqishimiz mumkin”, - deya Kongressga hisobot berdi Entoni Fauchi, AQSh Allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori.

Maktablar avgust va sentabrda ochilishni rejalayapti. Vaksina esa Kongress ajratgan sarmoya bilan kelasi yil boshlarida tayyor bo’lishi mumkin, deya qayd etdi u.

Buni ham ko'ring AQShda koronavirus bilan kasallanish hollari keskin ko'paygan

Senatning Sog’liq, ta’lim, mehnat va pensiyalar qo’mitasi raisi, respublikachi Lamar Aleksandr Prezident Donald Trampni va jamoatchilikni niqob taqib yurishga chaqirdi.

“Afsuski, hayotni saqlab qoluvchi oddiy amaliyot siyosiy bahslarning bir qismiga aylanib ketdi. Tramp tarafida bo’lsangiz, niqob taqmaysiz. Trampga qarshi bo’lsangiz, taqasiz. Shuning uchun prezidentga vaqti-vaqti bilan niqob kiyishni tavsiya qilaman, garchi unda zarurat oz bo’lsa-da”, - deydi senator.

Aleksandr Trampga millionlab odamlar ergashishini qayd etdi.

“Prezident - Amerikada COVID-19 uchun eng ko’p testdan o’tadigan odam. Shu bois niqob taqishi shart emas”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Kayli Makeneni.

Vitse-prezident Mayk Pens niqob mavzusida shunday dedi:

“Amerikaliklarning huquqlarini hurmat qilamiz hamda mahalliy sog’liqni saqlash idoralari ko’rsatmasiga quloq tutishga undaymiz”.

AQSh Allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchi

Dunyo bo’ylab koronavirusdan o’lganlar 512 000 dan oshgan bo’lsa, shuning chorak qismi AQShga to’g’ri keladi. Ekspertlar fikricha, aslida Amerika o’lim ko’rsatkichlari bundanda yuqori.

AQSh infeksiyalar soni bo’yicha ham birinchi o’rinda. Jons Xopkins universitetiga ko’ra, jahonda virus bilan kasallanganlar 10,5 milliondan oshgan, shundan 2,6 millioni Amerikada. Xususan, janubiy va g’arbiy shtatlarda infeksiya tarqalmoqda.

Buni ham ko'ring Bayden: Tramp pandemiyaga qarshi kurashni eplay olmadi

Mayk Pens buni Amerikada kuniga 600 000 odam testdan o’tkazilayotgani bilan izohlamoqda.

Infeksiya sur’ati oshayotgani prezidentlik saylovlariga uch oy qolganda Trampga nisbatan tanqidlarni ham kuchaytirmoqda. Delaver shtatidagi chiqishida prezidentlikka nomzod Jo Bayden uni pandemiyani eplay olmaganlikda tanqid qildi.

“Saylov yig’inlarini o’tkazmayman”, - deya ta’kidladi Bayden, Prezident Trampning so’nggi haftalarda Oklaxoma va Arizonada o’tkazgan yig’inlariga ishora qilib.