Breaking News

Koronavirusga qarshi kurashda ilg’or texnologiyalar qo’llanmoqda


Argon laboratoriyasi: COVID-19 ga qarshi kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

AQSh Energetika vazirligi qoshidagi Argon laboratoriyasi yadroviy tadqiqotlar bilan tanilgan. Chikagodagi ushbu inshoot bugun koronavirusga qarshi kurashda qo’llanmoqda.

APS sinxrotron nurlanish moslamasi kattagina binoni egallaydi. Argon milliy laboratoriyasidagi tadqiqotchilar undan COVID-19 ga qarshi kurashda foydalanmoqda.

“APS mashinasi bu - rentgen mikroskopi. Markaziy inshoot yordamida o’ta yorqin rentgen nurlari hosil qilinib, tadqiqotchilar ular ustida ish olib boradi”, - deydi laboratoriyaning Fan va texnologiya bo’limi direktori Stiven Strayfer.

Maqsad – koronavirusga qarshi samarali vaksinani hamda virusni yuqtirganlarni davolash uchun dori topishni tezlashtirish. Buning uchun Strayfer va yuzlab olimlar APS moslamasi yordamida COVID-19 oqsillarini rasshivrovka qilmoqda.

“Virusni harakatlantiruvchi bu oqsillar funksiyasini to’xtata olsak, so’ngra infeksiyani davolaydigan dori yarata olamiz”, - deydi olim.

Ish raqobat asosida olib borilayotgani yo’q. Aksincha, laboratoriya izlanish natijalarini vaksina yaratish ustida ish olib borayotgan ilmiy doiralar bilan bo’lishadi.

“Farmatsevtika kompaniyalari va boshqa tadqiqotchilar bilan aloqadamiz. Ma’lumot hammaga ochiq”, - deydi Strayfer.

Sinxrotron Argon laboratoriyasida pandemiyaga qarshi qo’llanilayotgan bitta qurol bo’lsa, ikkinchisi Teta nomli superkompyuterdir.

“Superkompyuter bilan 4 milliard dori birikmalarining virusga qanday ta’sir qilishini bir necha hafta ichida bilib olamiz. Superkompyutersiz bu ishga yillab vaqt ketgan bo’lardi”, - deydi suhbatdosh.

Teta hisob-kitob bilan band ekan, olimlar uni koronavirus tarqalishini bashorat qilishda ham qo’llamoqda.

“Masalan, Chikago shahri uchun simulyatsiya ishlab chiqdik. Millionlab odamlarning kundalik harakatlari, bir-biri bilan uchrashishi hisobga olinib, virusni yuqtirish ehtimoli hisoblab chiqiladi”, - deydi Stiven Strayfer.

“Taxminlar asosida COVID-19 kelajakda qanday kechishini prognoz qila olamiz”, - deydi tizim muhandisi Charlz Makal.

Uning aytishicha, superkompyuterdan olingan batafsil ma’lumotlar virus tarqalishining oldini olish uchun hamma qila oladigan oddiy, ammo samarali ishlarning ahamiyatini urg’ulaydi.

“Aniqlaganimiz shuki, o’zingizni himoya qilish uchun oddiy qoidalarga rioya qilishingiz kerak. Niqob taqing, masofa saqlang va qo’llarni yuvib turing”, - deydi Makal.

Stiven Strayferga ko’ra, Argon laboratoriyasida o’tkazilgan izlanishlar Illinoys shtatida cheklovlarni qachon joriy etish va bekor qilish masalasini hal qilishda yordam bergan.

“To’g’ridan-to’g’ri gubernatorga ma’lumot yetkazib turamiz. Chikago shahri rahbarlari ham biz bilan hamkor. Bizning ma’lumotlar iqtisodiyotni minimal ziyon bilan va odamlarni xavfsiz saqlagan holda ochishga yordam beradi degan umiddamiz”, - deydi olim.

Hozirda e’tibor laboratoriya joylashgan Illinoys shtatida. Ushbu modelni boshqa shtat va shaharlarda, ayniqsa, virus keskin ko’payaoyotgan joylarda ham tatbiq etish rejasi ishlab chiqilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG