Jurnalistlarga bosim yanada kuchaygan

Afg'onistonda Tolibon o'idirgan jurnalistning jasadi

Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot, Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita (Committee to Protect Journalists), 2011-yilda bu kasb egalariga nisbatan bosim oshdi deya e'tirof etmoqda.

Arab dunyosidagi siyosiy o'zgarishlar, inqilobu namoyishlarda axborot vositalari muhim rol o'ynadi va shu bois ham ularga nisbatan tazyiq kuchayib bormoqda, deyiladi qo'mita hisobotida.

Dunyo bo'ylab 2011-yilda 86 matbuot xodimi halok bo'lgan, quyidagi davlatlarda: Pokiston, Iroq, Liviya, Meksika, Somali, Suriya, Misr, Filippin, Yaman, Braziliya, Afg'oniston, Bahrayn, Rossiya, Nigeriya, Tailand, Peru, Tunis, Fil Suyagi Qirg'og'i, Panama va Dominikana Respublikasi.

46 holda qotillik sababi aniq, 35 holda noaniq. O'lganlardan 5 nafari esa jurnalistlarga yordam berayotgan tarjimonlar, vositachi yoki haydovchilar bo'lgan.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita Nyu-Yorkda joylashgan

Yevropa va Markaziy Osiyoda o'tgan yili ikki jurnalist o'ldirilgan va 2001-yildan beri 39 muxbir vatanni tark etishga majbur bo'lgan. 1992-yildan beri bu mintaqalarda 132 jurnalist halok bo'lgan. 2011-yilning oxirida 8 muxbir qamoqda edi, deyiladi tahlilnomada. 66 jurnalistning qotili hamon topilmagan, 11 nafari esa bedarak ketgan. Tergov ishlari yakunlanmagan.

Belarus jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakatlardan biri bo'lib qolmoqda. O'tgan yoz hukumatga qarshi namoyishlar paytida 95 matbuot xodimi hibsga olingan.

O'zbekistonda 2011-yil oxiridagi hisoblarga ko'ra, 5 jurnalist panjara ortida.

1. Muhammad Bekjonov, 1999-yildan beri

2. Yusuf Ro'zimurodov, 1990-yildan beri

3. G'ayrat Meliboyev, 2003-yildan beri

4. Soli Abdurahmonov, 2008-yildan beri

5. Dilmurod Sayid, 2009-yildan beri

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita nazarida bu insonlarning bari vatanida oshkoralik uchun kurashgan. O'z maqolalarida korrupsiya va yulg'ichlik, repressiya va huquqbuzarlik hollarini yoritgan va shu bois nishonga olingan.

Toshkent

O'zbekiston hukumati so'zdagina matbuot erkinligi tarafdori. Prezident Islom Karimov bu borada ko'p gapirib, jurnalistlar professional darajasini oshirish kerak, matbuot to'rtinchi hokimiyat bo'lishi uchun qonuniy zamin yaratilgan, deya ta'kidlab keladi.

Amalda esa mustaqil, erkin jurnalistika uchun imkoniyat yo'q. Barcha axborot vositalari, davlatniki bo'ladimi yoki xususiy, hammasi hukumat iznida. Birortasi amaldagi siyosatni savolga tuta olmaydi. Real vaziyat, xalqni qiynayotgan muammolar, jamiyatdagi tub masalalarni yorita olmaydi. Yoritishga uringanlar esa xavfsizlik organlari tomonidan siquvga olinib, turli qalbaki ayblovlar, xususan, tuzumga qarshi tahdid yoki poraxo'rlik yoki qoradori savdosida ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortiladi, deya tahlil qiladi xalqaro tashkilotlar.

Qirg'iziston Markaziy Osiyoda jurnalistlar uchun nisbatan erkin muhitga ega, lekin o'zbek tilidagi axborot vositalari o'tgan ikki yil ichida, ya'ni 2010-yilning yozida janubda yuz bergan xunrezliklar ketidan, to'xtab qolgan.

Qirg'izistonda o'zbek aholi uchun ona tilida mahalliy axborot manbalari qolmadi

Qirg'indan oldin janubda o'zbek tilida kamida 10 manba ma'lumot uzatar edi.

Osh TV egasi Halil Xudoyberdiyev va Mezon TV rahbari Javlon Mirzaxo'jayev xurujlar, tazyiq va asossiz tergovlar oqibatida bu tashkilotlar faoliyatini to'xtatdi.

Osh TV sotildi, Mezon TV, shuningdek, "Portfel" va "Itogi Nedeli" gazetalari yopildi. Bu manbalar nafaqat o'zbek tilida, balki rus va qirg'iz tillarida ham chiqar edi. Xudoyberdiev va Mirzaxo'jayev vatanni tark etdi. Aholi esa o'z ona tilida axborotsiz qoldi.

Tojikistonda korrupsiya, ektremizm va repressiya haqida maqola yozgan jurnalistlar sudga tortildi. Xususan, "Nuri Zindagi" gazetasi muxbiri Mahmadyusuf Ismoilov, Bi-Bi-Si (BBC) muxbiri O'rinboy Usmonov va "Aziya Plyus" muxbiri Roziya Mirzobekova.

Qozog'istonda muxbirlarni haqoratda ayblab sudlash keng tarqalgan. Xususiy sektor va hukumat tanqidiy maqolalarga mana shunday bosim bilan javob beradi.

Turkmaniston esa shu qadar yopiq jamiyatki, deydi mutaxassislar, matbuot xodimlari faoliyati haqida aniq ma'lumotlar olish qiyin. Shu ayonki, bu mamlakatda erkin jurnalistika degan tushunchaning o'zi yo'q.