Jahon Qrim-tatar kongressi yarimorolni Ukrainaga qaytarish uchun barcha choralarni ko’rishga da’vat etmoqda. Qrim o’tgan yili Rossiya hududiga qo’shib olingan edi.
Bu elatning 1-2-avgust kunlari Turkiya poytaxti Anqarada o’tgan Ikkinchi jahon kongressi ishtirokchilari so’nggi bayonotda Qrimning hozirgi maqomi darhol o’zgarishi kerakligi va Ukrainaning yangi konstitutsiyasida ularga muxtoriyat berilishi lozimligini ta’kidlaydi.
Tadbirda turli mamlakatlardan 200 ga yaqin kishi qatnashdi. Ular Rossiya xavfsizlik xizmati bosimi sababli anjumanni xorijiy mamlakatda o’tkazishga majbur bo’ldi.
28-iyul kuni Rossiya rasmiylari Qrim-tatarlarning ikki rahbariga Qrimdan chiqishga va anjumanda qatnashishga ruxsat bermagan edi.
“Ta’qiblar, qonun buzilish hollari”
Qrim-tatar yetakchisi Mustafo Jemilev 2-avgust kuni kongress ishtirokchilariga 2014-yil mart oyida Rossiya yarimorolni o’z hududiga qo’shib olganidan beri jamoaning 10 ming nafari yarimorolni tark etganini ma’lum qildi.
Faolning aytishicha, ta’qiblar va qonun buzilishi hollari hamda yoshlarning Rossiya armiyasiga qo’shilishga va Ukrainaga yuborib, yurtdoshlariga qarshi kurashishga majbur qilinishi ehtimoli bunga sabab bo’lgan.
Jemilev Qrim tatarlari demokratik erkinliklarning cheklanishi va yoshlar uchun kelajakda istiqbollar yo’qligi ularni o’zga yurtlarga ketishga undayotganini aytdi.
Kreml Qrimni Rossiya hududiga qo’shib olganidan keyin Moskva qo’llab-quvvatlayotgan ayirmachilar va Kiyevdagi hukumatga qarashli qo’shinlar orasida Ukraina sharqida qonli urush boshlandi. 2014-yil aprelidan buyon bu urushda 6500 odam nobud bo’ldi.
Qrim aholisi ikki million atrofida bo’lib, 300 ming nafari, ya’ni aholining 15 foizidan kamrog’i – tatarlar.
"Qrim Ukraina tarkibiga qaytadi"
Qrimning bosib olinishi va Ukraina sharqida urush boshlanishidan keyin G’arb davlatlari Rossiya rasmiylari, kompaniyalari va tadbirkorlariga nisbatan turli sanksiyalar joriy etgan. Fevral oyida otashkesinga erishilganidan so’ng sanksiyalar biroz yumshatilgan edi.
AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyani qrimlik tatarlarning siquvga olgani uchun tanqid qilib keladi.
1-avgust kuni Anqaradagi anjumanda so’zga chiqqan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin “Qrimni qo’shib olish noqonuniy, shuning uchun uzoq davom etmaydi”, deb aytdi.
U, shuningdek, Qrim Ukrainaga qaytarilmagunicha Kiyev va Moskva orasi sovuqligicha qoladi, dedi.