AQShda Demokratik partiyaning saylovoldi qurultoyi yakunlandi. Jo Baydenning noyabrda bo’ladigan prezident saylovlariga nomzodi rasman tasdiqlandi. Ilk bor virtual shaklda o’tgan qurultoyning so’nggi kunida Bayden, deyarli har bir ma’ruzachi kabi, amaldagi rahbarni tanqid qilib o’tdi. Unga ko’ra, Donald Trampning xato siyosati tufayli koronavirusga qarshi kurash samarasiz bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Hozirgi prezidentimiz mamlakat oldidagi eng asosiy burchini ado eta olmadi. U bizni himoya qila olmadi. Amerikani himoya qila olmadi. Buni kechirib bo’lmaydi”, - dedi Bayden.
Nomzod saylansa, Amerikani har qanday hujumdan himoya qilishga so’z berdi. Bayden Tramp prezidentglini Amerikaning zulmati deb atadi.
“Prezident Bayden sifatida Rossiyaning amerikalik askarlar boshiga mukofot puli belgilashiga jim qarab turmayman. Saylov bo’lmish eng muqaddas demokratik amaliyotimizga chetdan aralashishlariga yo’l qo’ymayman. Inson huquqlari va inson qadrini hamisha himoya qilaman. Dunyoni yanada xavfsizroq, tinchroq, farovonroq qilishdek mushtarak maqsad sari mehnat qilaman. Tarix bizga yana bir dolzarb vazifa yuklayapti – milliy tabiatimizdan irqchilik dog’ini yuvib tashlaydigan avlod bo’lishimiz kerak. Buning uddasidan chiqa olamiz deb o’ylayman, bunga tayyormiz deb o’ylayman”, - dedi Bayden.
Koronavirus sabab to’rt kunlik qurultoy bitta katta majlislar zalida emas, virtual shaklda o’tdi. Delegatlar mamlakatning turli burchaklaridan internet orqali bog’lanib, qurultoyda masofadan qatnashdi.
Vitse-prezidentlikka nomzod Kamala Harrisning aytishicha, pandemiya irqiy tengsizlikni yanada kuchaytirdi, asosan etnik ozchilikdagi guruhlar vakillari koronavirus qurboni bo’ldi, ishidan ayrildi.
“Bu tasodif emas. Bu tarkibiy irqchilik ta’siridir”, - dedi u.
Senator Berni Sanders Trampni beparvo deb atadi.
"Rim yonganda Neron lira chalgan, Tramp esa golf o’ynagan”, - dedi u.
Sobiq prezident Barak Obama Tramp layoqatsiz, dedi.
“U ishga kirishmadi, chunki ishlash qo’lidan kelmaydi”, - dedi Obama.
Uning rafiqasi Tramp mamlakatni samarali boshqarishga ojiz, dedi.
“U biz xohlagan rahbar bo’la olmadi”, - dedi Mishel Obama.
Noyabrda 74 yashar Tramp o’zidan uch yosh katta demokratik nomzod bilan bellashadi. Prezident tarafdorlarini jonlantirishga harakat qilarkan, soliqlarni oshirish niyatida bo’lgan sotsialistlar va ish o’rinlarini chetga chiqarmoqchi bo’lgan erkin savdo globalistlari Demokratik partiyaga kirib olganini aytib, Baydenni ularning sardori deb atadi.
“Men esa, biz esa “Amerika orzusi” va dunyo tarixidagi eng buyuk davlatni vayron qilmoqchi bo’lgan telbalar o’rtasidagi devormiz”, - dedi Tramp.
Qurultoy ishtirokchilari birdamlik, etnik xilma-xillikka ham urg’u berdi. Tahlilchilarga ko’ra, saylovda koronavirus pandemiyasi hal qiluvchi omil bo’ladi.