Misr ahli o’lganlarni xotirlamoqda

  • Amerika Ovozi

Misr ahli o’lganlarni xotirlamoqda

Misrda hukmron harbiy kengash kecha Qohirada nasroniylar va xavfsizlik kuchlari o’rtasida ro’y bergan olishuvni tergov qilishga buyruq berdi. Biror guruh xalq birligi va demokratik islohotlar yo’liga to’g’anoq bo’la olmaydi, deydi rasmiylar.

Xristianlar esa o'lganlarni xotirlab, motam tutdi. Din peshvolari uch kun tuz totmaslikka undab, buni marhumlarga bag'ishlashga undadi. Nasroniy-koptlar chiqargan bayonotga ko'ra, ular bot-bot hujumga uchrab, jinoyatchilar jazosiz ketmoqda.

Fevral oyida prezident Husni Muborakni hokimiyatdan ag’dargan qo’zg’olondan beri eng qonlisi deb ko’rilayotgan yakshanba kungi to’qnashuv 25 kishini hayotdan olib ketgan.

Misr ahli o’lganlarni xotirlamoqda

Harbiylar tuzgan Vazirlar Mahkamasi bugun favqulloda majlis o’tkazdi. Bosh vazir Essam Sharaf ta’biricha, bu voqea demokratik qadriyatlarni bir pul qilib, Misrni taraqqiyot yo’lidan qaytaradi.

Sharaf nazarida to’qnashuv ajnabiy va ichki g’animlarning kirdikoridir.

Misr ahli o’lganlarni xotirlamoqda

Ziddiyat minglab nasroniy va ularning tarafdorlari Qohirada davlat televideniyesi binosiga yurish qilib, oy boshida cherkovga qilingan hujumdan shikoyat qilgach avj olgan.

Ularning aytishicha, cherkovga hujumni radikal musulmonlar amalga oshirgan.

Namoyishchilar binoni qo’riqlayotgan politsiya va askarlar bilan mushtalashishga o’tgan. Harbiy avtomobil odamlarga qarab bosib yurgani oqibatida bir necha kishi o’lgan. Aksariyati nasroniylar.

Misr ahli o’lganlarni xotirlamoqda

Rasmiylar izohiga ko’ra, namoyish qilganlar qo’lida ham ham qurol, bomba bo’lib, ular ikki politsiyachini o’ldirib, ichki ishlar mashinalariga o’t qo’ygan. Kamida 300 fuqaro jarohatlangan.

Bugun yaradorlar kasalxonaga yetkazilganida ham odamlar xavfsizlik kuchlari xodimlariga tosh otgan. O’nlab kishilar hibsga olingan.

Misrda 80 million kishilik aholining 10 foizi xristianlar. Ularning shikoyati shundan iboratki, yangi rahbariyat xristianlarni nishonga olayotgan musulmonlar qilmishiga ko’z yummoqda.