Diktaturalarga qarshi qo'zg'olonlar O'zbekistonda qanday talqin qilinmoqda?

Toshkent ko'chalarida

Xalq uzoq yillik repressiv tuzumlardan dod deb bosh ko’targan jamiyatlar, xususan Tunis, Misr va Liviya ko’p jihatdan Markaziy Osiyo o’lkalariga o’xshab ketadi.

Aholining aksariyati ishsiz; korrupsiya – tirikchilikning bir qismi; sistema xavfsizlik organlari iznida; odamlar na bir-biriga, na hukumatga ishonadi; siyosiy qo’rqinch chuqur ildiz otgan; yakkahokimlik va shaxsga sig’inish illati hukmron va axborot oqimi cheklangan.

Toshkentda asoslangan Ekspert Ishchi Guruhi rahbari, tahlilchi Suhrobjon Ismoilov nazarida yuqorida keltirilgan va yana boshqa ko’plab ijtimoiy-siyosiy omillar sabab ham mintaqa hukumatlari arab dunyosidagi qozg’onlarni xavotir bilan kuzatmoqda.

Suhrobjon Ismoilov tahlilicha, “Misr sindromi” O’zbekiston hukumatini ikki turlicha yo’lga yetaklashi mumkin.

Biri repressiyaga zo’r berish, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bahonasi bilan fuqaro xatti-harakatini yanada cheklab qo’yish, nazoratni oshirish.

Ikkinchisi yo’l esa xalqni ezish nima oqibatlarga yetaklashini his etgan holda va yaqin kelajakni hisobga olgan holda, erkinlikka asta yo’l ochish.

G’alayonlar, avtoritar rahbarlarning birma-bir hokimiyatdan ag’darilayotgani hukumatlarimiz uchun muhim signallar, deydi Suhrobjon Ismoilov.

"Nima bo'lsa ham tinchlik bo'lsin"

“Haqiqiy islohotlar qilish zarurligini, buni kechiktirib bo’lmasligi haqida ogohlantirish deb qabul qilish lozim. Biz shu voqealarni tahlil qilib, ikki xulosaga keldik. Birinchisi, O’zbekiston hukumati murvatni yanayam qattiqroq burab, jamiyat ustidan adolatsiz nazoratni kuchaytirishi mumkin. Bu siyosiy rejim umrini yana bir necha yillarga cho’zar, lekin ular xohlagan natijani baribir bera olmaydi. Ikkinchisi, ehtimol mana shu voqealar to’g’ri tushunilib, sekinlik bilan, O’zbekiston sharoitidagi sekinlik bilan bo’lsa ham haqiqiy islohotlarga izn berilar, yo’l ochilar”.

Barqarorlikni ta’minlash xalq dardiga quloq tutishni talab qiladi, Suhrobjon Ismoilov.

“Hozir davlat xalq bilan juda xavfli o’yin o’ynayapti. Har bir o’zgarish davlat xohlagan dozada va qachonki hukumat, bu o’zgarish unga xavf solmasligiga amin bo’lsagina bo’ladi. Davlat mana shunga allaqachon qaror qilgan. Biz qo’rqayapmizki, mana shu asnoda haqiqiy islohotlar amalga oshmasligi mumkin", - deydi u.

"Qora qozon qaynasa bo'lgani"

Eskpert Ishchi Guruhi olib borgan izlanishlar shuni ko’rsatadiki, ko’pchilik tashqi dunyoda nima bo’layotganidan bexabar. Ozroq biladiganlar bor, ammo ular ham masalani tahlil qilib, mamlakatdagi hayot bilan qiyoslash imkoniyatiga ega emas.

Xalqaro yangiliklarni, xususan arab dunyosidagi g’alayonlar haqida asosan Rossiya telekanallari orqali bilishadi, ma’lumotni rus tilidagi manbalardan olishadi. Lekin bunga hammaning ham qurbi yetmaydi.

"Qishloq joylarda elektr toki muammo. Odamlar televizorni ham ko’ra olmaydi. Kabel televideniyelar qishloq joylarga, ko’plab tumanlarga yetib bormagan. Parabolik antenna bo’lsa, ayrim oilalar ko’rayotgandir, lekin butunlay shu aholi Misr yoki butun Yaqin Sharqdagi voqealarni kuzatib, xabardor bo’lib borayapti deyish hozirgi kundagi ob’yektiv holatni bildirmaydi. Ko’pchilikka bu xuddi o’tgan yoz yonimizdagi Qirg’izistonda bo’lgan voqealar qanchalik uzoq tuyulgan bo’lsa, xabarsiz qolishgan bo’lsa, Yaqin Sharqdagi hozirgi voqealardan ham ko’pchilik xabarsiz”.

Yoshlarning ham, kattalarning ham dardi -tirikchilik

O’zbekistonda odamlar fikrini erkin bildirishga, o’zgalar bilan o’rtoqlashishga, siyosiy bahs-munozara yuritishga o’rganmagan. Bunga haddi sig’adiganlar kam, deydi ekspert. Ko’cha-kuyda odamlar O’zbekiston davlat teleradiolarida yangrayotgan gaplarni qaytarayotganini eshitasiz.

Qizig’i shundaki, Gruziya, Ukraina va Qirg’izistondagi inqiloblar deyarli yoritilmagan O’zbekistonda Misr va Tunisdagi revolyutsiyalar ko’proq tilga olinayapti.

Lekin urg’u repressiv tuzumlar ag’darilayotgani emas, bu voqealar mamlakat iqtisodiyotiga qanchalik zarar keltirib, turizm orqaga ketayotgani va tartibsizliklarda. Jamoatchilik nima bo’lsa ham tinchlik bo’lsin deydi. Odamlardan asosan shuni eshitasiz.

Arab dunyosidagi o’zgarishlarda internetning roli beqiyos. U odamlarni bir-biri bilan bog’lovchi, axborotni tashqi dunyoga olib chiquvchi muhim vosita.

Internetda o’zbek tilida va O’zbekiston haqida forumlar, fikr almashish mumkin bo’lgan platformalar bor. Lekin, deydi Suhrobjon Ismoilov, global tarmoq O’zbekistonda ommaviy axborot vositasi darajasiga yetgunicha hali ancha bor.

“O’zbekistonda internetdan foydalanuvchilar juda kam. Forumlarga kirayotganlar ham ko’p emas va asosan xorijda yurganlar. Ichkaridan yozayotganlar kichik bir guruh. Ularning nomini deyarli har bir forumda kuzatamiz. Shunday bo’lsa-da, ularni ham shu jamiyat vakillari deb, bu insonlarning qarashlarini tahlil qiladigan bo’lsak, voqealarni hamma turlicha talqin qilayotganini ko’rasiz. Qarama-qarshi fikrlar”.

Qish bu yil ancha qattiq keldi, elektr toki va gaz katta muammo

O’zbekistonda hukumat xalqning yig’ilishlarini cheklashga harakat qilib keladi. Ommaviy tadbirlar kuchli nazorat, favqulodda choralar ostida o’tadi.

Suhrobjon Ismoilov fikricha, bugun arab dunyosida ro’y berayotgan o’zgarishlar insoniyat tarixida o’ziga xos burilish yasayotgan voqealardir.

“Birinchidan, bu hech kim kutmagan holatda sodir bo’ldi. Ikkinchidan, faqat qashshoqlik yoki iqtisodiy nochorlik ko’chaga olib chiqmadi. Insonlar bundan kuchliroq qadriyatlar uchun ko’chaga chiqdi. Ko’pchilik erkinlik istab chiqdi. Demokratik tuzum istab chiqishdi. Hukumatlar ba’zi holatlarda o’zlarini oqlashi mumkin edi, “Bizda xalqimiz qimirlasa kuni o’tayapti, harakat qilsa qozoni qaynayapti” deb. Lekin bu voqealar shuni ko’rsatayaptiki, o’zini anglayotgan xalqqa buning o’zi yetarli emas”, - deydi Suhrobjon Ismoilov.

“Ko’plab tahlillarda aytilayaptiki, Markaziy Osiyoda kuchli muxolifat, xalqni yetaklovchi kuch yo’q. Shu sabab bunday voqealar mintaqada bo’lmaydi degan fikrlar aytilayapti. Lekin bizning nazarimizda Yaqin Sharq voqealaridagi eng asosiy narsa, ya’ni harakatga keltiruvchi kuch xalqning o’zi bo’ldi, xolos”.