Demokratlar va respublikachilar saylov halolligi yuzasidan xavotir bildirmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerika siyosatini belgilovchi ikkita asosiy partiya noyabrda bo’ladigan prezident va Kongressga saylovlar halolligi yuzasidan xavotir bildirmoqda. Gap saylovchilarni ro’yxatga olish, ovoz berish, ovozlarni hisoblash va tasdiqlash hamda jarayon davomida vujudga kelishi mumkin bo’lgan muammolarni hal qilish haqida ketmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-sentabr, 2024-yil - Xanter Bayden soliqdan bo’yin tovlaganini tan oldi

AQShda Demokratlik partiya rasmiylari raqib respublikachilarni saylov uchastkalariga kirishni cheklashga va saylov natijalarini tasdiqlashga halaqit berishda ayblamoqda. Respublikachilar esa o’z navbatida demokratlar vakillarini sirtdan ovoz berish byulletenlarini soxtalashtirayotganlikda, ovoz berish apparatlari ishiga aralashayotganlikda, ovoz berish huquqiga ega bo’lmagan saylovchilarni ro’yxatda ushlab turganlikda ayblayapti.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp 2020-yil saylovi natijasini bekor qilishga uringani uchun jinoiy ayblovga yuz tutmoqda.

“Nazarimda, saylov soxtalashtirilgan, o’g’irlangan”, - deydi u.

Uning demokrat raqibi, vitse-prezident Kamala Harris Trampni saylov jarayoniga bo’lgan ishonchga putur yetkazayotganlikda ayblayapti.

“Qonun ustuvorligi, erkin va adolatli saylovlar, hokimiyatni tinch yo’l bilan topshirish muhim”, - deydi u.

Federal idoralar 2021-yil 6-yanvarida Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirganiga o’xshash voqeaning takrorlanmasligi uchun tegishli chora, tayyorgarliklar ko’rmoqda.

“Buning natijasini vaqt kelishi bilan o’rganamiz. Saylov natijasi qanday bo’lishidan, odamlar unga qanday munosabat bildirishidan, qanday namoyishlar bo’lishidan bilib olamiz. Namoyishlar chegaradan chiqib, zo’ravonlikka olib keladimi? Bunday bo’lmaydi deb umid qilaman”, - deydi Saylovchi ayollar ligasining rahbari Selina Styuart.

Saylovni o’tkazishda yordam beruvchi federal komissiya raisi Ben Xovland saylov tizimi bu yili yaxshi ishlayotganini aytadi.

“Joriy yilda ko’p shtatlarda praymerizlar o’tkazdik, saylov mutasaddilari ancha tajriba orttirdi. Noyabrda bo’ladigan saylovga tayyormiz degan fikrdaman”, - deydi u.

Missuri shtatidan saylov komissiyasi vakili Erik Fey nomzodlar, partiya rasmiylari va jamoatchilik saylov tizimini nazorat qilishi kerak, deydi.

“Saylov qutilarini ochish, qog’ozlarni hisoblash, ovoz berish apparatlarini sinash, ovozlarni qo’lda qayta sanash, saylovdan so’ng audit o’tkazish – bularning barchasini jamoatchilik kuzatishi mumkin”, - deydi Frey.

Respublikachilarning Senatdagi rahbariyati saylovchilardan fuqaroligini tasdiqlashni talab qiluvchi qoida joriy etmoqchi. Kongressdagi aksariyat demokratlar mavjud qonun fuqaroligi yo’q odamlarga federal saylovda qatnashishga ruxsat bermasligini aytarkan, noqonuniy muhojirlar katta sonda ovoz berayotgani haqidagi respublikachilar da’volarining asossiz ekanini ta’kidlamoqda.