AQShda kasaba uyushma a’zolari kimga ovoz beradi?

  • Amerika Ovozi

AQShda saylovchilarning salkam 14 millioni ularning ish joylarida huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalar a’zolari. Ular elektoratning kichik qismini tashkil etsa-da, prezidentlikka nomzodlar bu saylovchilarning ham ko’nglini ovlashga harakat qilyapti.

Kazino xizmatchilari demokratlardan prezidentlikka nomzod Kamala Harrisning choychaqa va hadyalarga soliqlarni bekor qilish rejasini olqishlamoqda.

“Vitse-prezident Kamala Harris Nevadada xizmat ko’rsatish sohasida ishlayotgan odamlar uchun choychaqaga federal soliqni bekor qilish bo’yicha aniq rejaga ega ekanini bilaman. Donald Tramp choychaqaga ishlaydigan odamlarni himoya qilayotgani xavfli yolg’ondir”, - deydi kazinoda ishlaydigan bir odam.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod xizmat sektori faol Las-Vegas shahrida bo’lib, kazino dilerlari, girgittonlar va uy xizmatchilariga beriladigan choychaqaga soliqni bekor qilish rejasini e’lon qildi.

“Maoshi yo’q, choychaqaga ishlaydigan xizmatchilar uchun bu zo’r bo’lar edi”, - deydi Trampning Nevadadagi saylovchisi.

Las-Vegas politsiya boshqarmasi ham Trampga ovoz berishini bildirdi.

“Fuqarolarimizning aksariyati huquq-tartibot idoralariga ishonadi. Agar biz “bu odam manfaatlarimizni himoya qiladi, xavfsizligingizni ta’minlaydi, iqtisodiyotni ko’taradi” desak, bizga ishonishlari kerak”, - deydi boshqarma huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushma vakili Stiv Gremmas.

U ko’p namoyishlarda Trampning politsiyachilarga xayrixohligi haqida gapiradi.

“Donald Tramp va uning saylov shtabi doim bizni qo’llab-quvvatlagan, “siyosat shamoliga bo’yin egmayman” degan u”, - deydi Gremmas.

Prezidentlikka nomzodlar Nevada shtatidagi kasaba uyushmalarning o’n minglab a’zolarini o’z tomoniga og’dirishga zo’r bermoqda.

“Teamsters” kasaba uyushmasining Las-Vegasda mehmonxonalar, kazinolar, avtomobilni ijaraga beruvchi kompaniyalar xizmatchilari bilan ishlovchi sho’basi Harris nomzodini qo’llab-quvvatladi, biroq “Teamsters”ning yuk avtomobillari haydovchilari va omborxona ishchilariga xizmat ko’rsatuvchi milliy uyushmasi bu saylovda hech bir nomzod tarafida bo’lmasligini bildirdi.

“Teamsters” hamisha demokratlarni qo’llab-quvvatlagan. Agar bu gal ular tarafida bo’lmasa, kimga yon bosishmoqchi? Trampga-da”, - deydi nevadalik saylovchi.

Las-Vegas Oshpazlar kasaba uyushmasi a’zolarini Harrisga ovoz berishga da’vat etdi.

“Ishchilar sinfiga mansub saylovchilar aqlli, ahmoq emas, bir oz shubhalanish odati bor. Ammo muammo shundaki, Prezident Tramp ko’p yolg’on so’zlaydi. Vitse-prezident Harris esa yashash narxi bilan bog’liq muammoni hal qilmoqchi”, - deydi ushbu uyushma a’zosi Ted Pappajorj.

Uyushma a’zolari uyma-uy yurib, saylovchilarni Harrisga ovoz berishga undamoqda.

“Yirik korporatsiyalar kirib kelib, oziq-ovqat va benzin narxlarini, ijara haqqini ko’tarmoqda. Shuni bilamanki, Kamala holimizdan xabar oladi, o’rta sinf, kasaba uyushmalar a’zolariga yordam beradi”, - deydi Klaudiya Monreal.

Nevada saylov natijasini hal qilishi mumkin bo’lgan o’ndan ortiq shtatdan biri. 2020-yil prezident saylovida Jo Bayden va Kamala Harris shtatda 2,5 foiz farq bilan Trampni mag’lub etgan.