Amerikada kelasi oy Kongressga saylovlar o’tar ekan, xarajatlar ziyoda. Nomzodlar, partiyalar va turli guruhlar noyabrdagi saylov natijasini hal qilish uchun pulni ayamayapti.
AQShda saylov mavsumida qonunchilar tanqid va maqtov reklamalariga zo’r beradi. Ekranda har onda ko’rinib turgan bu roliklar juda qimmat.
Bu yilgi sarfiyat 2006-yilgi saylovdan ikki karra oshgani ma’lum. Sabab – yil boshida Oliy Sud qabul qilgan qaror.
Unga ko’ra, korporatsiya va kasaba uyushmalari faoliyatiga qo’yilgan cheklov bekor qilinadi va endi ular saylov paytida telereklamaga bemalol pul tikishi va shu tariqa siyosatga ta’sir qilishi mumkin.
Mablag’ning katta qismi turli maqsadni shior qilgan guruhlardan, jumladan, xorij korporatsiyalaridan tushadi. Bu guruhlar hukmron demokratlarni nishonga olmoqda.
Prezident Barak Obama safdosh demokratlarni yoqlab, targ’ibot ishlariga zo’r berar ekan, bu telereklama ortida kim turganini bilish qiyin, deydi. Ular zimdan turib ish ko’radi, deydi Obama.
Poyga avjiga chiqqani sari ham hukmron Demokratik Partiya, ham muxolif Respublikachilar Partiyasi bir-biriga hujum qilmoqda. Biroq mablag’ jamg’arish, xayriya to’plashda muxolifatning qo’li baland kelmoqda.
Tahlilchi Allan Lixtmanning aytishicha, boy donorlar saylov kampaniyasiga pul sarflash bilan ovora, biroq hech biri ism-sharifi, shaxsini ma’lum qilmayapti. Bu masalada Respublikachilar Choychilar siyosiy harakatidan ham mo’maygina yordam olmoqda, deydi Lixtman.
Biroq ayrimlar nazarida Demokratik Partiya hozir pul emas, ijtimoiy so’rov natijalari haqida ko’proq qayg’urmoqda. Unga ko’ra, 2-noyabrda Kongressga saylovda muxolifat g’alaba qilishi mumkin.
“Wall Street Journal” nashri hisobicha, saylovga ikki hafta qolar ekan, har xil guruhlar u yoki bu partiya uchun 600 million dollar sarflashi kutilmoqda. Biznes ahli pulni muxolifatga, kasaba uyushmalari esa demokratlarga tikmoqda.