O’tgan oy o’rtalaridan boshlab, Qirg’iziston O’zbekistonga elektr quvvati sota boshladi. Bu borada ma’lumot yaqinda Qirg’iziston Milliy energetika holding kompaniyasining saytida chop etildi. Unga ko’ra, “Elektr stansiyalar” ochiq hissadorlik jamiyati hamda “O’zbekenergo” hissadorlik jamiyati o’rtasida tuzilgan shartnoma 1 milliard 250 million kilovatt-soat elektr quvvati yetkazib berishni ko’zda tutadi. Shartnoma qiymati 25 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Yaqin xorijga elektr quvvati chiqarish masalasi fevral oyida ko’rila boshlagan. “Ozbekenergo” bilan tuzilgan shartnoma bo’yicha yetkazib berilgan kilovatt-soat narxi 2 sentga to’g’ri keladi.
Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan sanoat xodimi, energetika bo’yicha mutaxassis Bo’riboy Jo’rayevning aytishicha, ushbu amaliyot har ikki o’lka manfaatlariga javob beradi.
“Birinchidan, joriy yil sersuv bo’lgani uchun Qirg’iziston ko’proq energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Qolaversa, tushgan daromad ancha eskirib qolgan energetiga tarmoqlarini ta’mirlashga asqotadi. O’zbekistonda esa elektr quvvati asosan neft va gaz mahsulotlarini yoqish yo’li bilan issiqlik snansiyalarida ishlab chiqiladi. Bu ancha qimmatga tushadi. Qo’shimcha nisbatan arzon energiya ular uchun ham ayni muddao”, - deydi suhbatdosh.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika sohasida hamkorligi tomonlarga har taraflama foyda keltirgan bo’lar edi. Gap o’rtada mavjud turli kelishmovchiliklarni bartaraf etishda.
Yaqinda Qirg’iziston rahbari Almazbek Atambayev yirik Qambarota-1 suv elektr stansiyasini qo’shni Qozog’iston va O’zbekiston bilan hamkorlikda barpo etish ma’qulligini aytib o’tdi.
“Albatta, mintaqa o’lkalari suv-energetika masalalarida yagona til topishsa bu, bir tarafdan, elektr quvvatidan, ikkinchi tarafdan, oqin suv zahiralaridan samarali foydalanish imkonini berar edi”, - deydi Bo’riboy Jo’rayev.
Kecha Qirg’iziston Bosh vaziri Suronboy Jeenbekov CASA-1000 loyihasi bo’yicha Dushanbada o’tkazilgan uchrashuvda qatnashdi. Sammitda Afg’oniston prezidenti ushbu loyihada O’zbekiston, Turkmaniston va boshqa mamlakatlar ishtirok etgani maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o’tdi.
“CASA-1000 borasida anchadan beri gap-so’z bo’lib kelyapti. Afsuski, amaliy qadamlar hali sezilgani yo’q. Lekin bu istiqbolli loyiha ekani aniq. Mintaqaning qolgan mamlakatlari unga qo’shilgan taqdirga o’ziga xos yagona energetik tarmoq paydo bo’lar edi. Va bu, albatta barcha tomonlar iqtisodiyoti uchun foyda keltirar edi”, - deydi Jo’rayev.
Hozirgacha Qirg’iziston asosan Afg’onistonga elektr quvvatini eksport qilib kelgan. Tahlilchilar aytishicha, gidroenergetika potensiali ulkan bo’lgan Qirg’iziston bu sohada o’z imkoniyatlarining faqat 10-12 foizidan foydalanmoqda. Kuzatuvchilar sohani rivojlantirish uchun yirik sarmoyalar darkorligini ta’kidlaydi.