Fransiya, Germaniya va Gretsiya rahbarlari kecha telefon orqali gaplashib, Yevropani moliyaviy inqirozdan chiqarish yo'llarini muhokama qildi. Ayrim tahlilchilar 17 davlat a'zoligidagi yevro zona qulashi mumkin, deya xavotir bildirmoqda.
Juma kuni 17 davlat moliya vazirlari Yevropani qarz balosidan qutqarish xususida yana bir bor gaplashadi. Avval Gretsiya, Portugaliya va Irlandiya hukumatlari tinchini buzgan tanazzul Italiya va Ispaniyaga ham xavf solmoqda.
AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytner ilk bor bu majlisda qatnashadi. Mutaxassislar krizis yevro zonadan tashqarida joylashgan davlatlarga ham tarqalishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. Gaytnerning aytishicha, Yevropa rahbarlari ahvolni tuzatmasa, xalqaro miqyosda yevroga ishonch yo'qoladi.
Bryusseldagi Yevropa siyosati markazi bosh iqtisodchisi Fabian Zuligning aytishicha, Amerika bekorga xavotirlanmayapti.
"Butun boshli global moliyaviy tizim xavf ostida. Yangi tanazzul ehtimoli bor. AQSh buni yaxshi anglab yetgan. Gretsiya defoltga uchrasa, jarayon zanjir reaksiyasi bilan jahon bo'ylab tarqalishi mumkin", - deydi Fabian Zulig.
Kecha Italiya parlamentining quyi palatasi yangi iqtisodiy dastur qabul qilib, uning yordamida kelasi uch yilda byudjet kamomadini 70 milliard dollarga tushirishni ko'zlayapti. Moliya bozorida aksiya qiymatlarining tushib ketishidan cho'chigan Italiya shu hafta obligatsiyalarini past foizda sotishga majbur bo'ldi.
Banklarning kredit reytingini belgilovchi xalqaro agentlik Gretsiya hukumati obligatsiyalariga egalik qiluvchi ikki yirik fransuz bankining kredit reytingini bir pog'onaga tushirgani ham moliya bozorini bezovta qilmoqda.
Gretsiya moliyaviy muammolarini hal qilishga qaratilgan pulni xalqaro tashkilotlardan olmoqchi bo'lsa, bungacha qabul qilgan choralarini bajarishi kerak bo'ladi.
Byudjet kamomadini kamaytirish uchun rasmiy Afina ikki yillik mulk solig'ini joriy etdi, xususiylashtirish jadallashib, 2015-yilgacha g'aznaga 50 milliard yevro tushirishga umid qilmoqda, 150 ming davlat xizmatchilari ishsiz qolishi mumkin, maoshlar va ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan pul qisqaradi.
Ayrimlar yevro zona tarqalib ketmasin, deya Yevropa hukumatlarini iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozoning kecha Yevroparlamentda aytishicha, komissiya yevro obligatsiyalar chiqarish taklifi ustida ishlamoqda.
"Integratsiyani kuchaytirish kerak, toki samarasini ko'raylik va bu jarayon ikki tomonlama emas, butun boshli Yevropa Ittifoqi doirasida bo'lishi lozim", - deydi Barrozo.
Yevropalik tahlilchi Fabian Zulig yevro zona kelajagi haqida shunday deydi.
"Qarzini to'lay olmagan Gretsiya tizimni tark etadigan bo'lsa, boshqa mamlakatlar ham sarosimaga tushib, yevro zona qulashi mumkin", - deydi tahlilchi.
Ahvolni tuzatish uchun qarzga botgan har bir davlatda iqtisodiy o'sishni ta'minlash zarur. Ammo Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hisobiga ko'ra, Gretsiya va yevro zonadagi boshqa mamlakatlarda joriy yilda buning aksi bo'ladi.
Gretsiya Bosh vaziri Georgios Papandreu xalqaro moliyaviy institutlar oldida olgan majburiyatlarini bajarishga va mamlakatni yevro zonada saqlab qolishga va'da bermoqda.
AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytnerning kecha Nyu-Yorkda o'tgan sarmoyadorlar anjumanida aytishicha, Qo'shma Shtatlar Yevropa rahbarlariga ishonadi va qit'aning moliyaviy institutlari inqirozga uchramaydi deya umid qiladi.
AQShning eng yirik kreditori Xitoy sarmoyalarini kuchaytirib, Yevropaga bu ishda yordam bermoqchi. Zaxirasida uch trillion dollardan ziyod valyutaga ega rasmiy Pekin shu kungacha Gretsiya, Ispaniya va Portugaliyaga yordam qo'lini cho'zdi.