AQSh fermerlari davlat yordamiga emas, savdoga muhtoj

  • Amerika Ovozi

AQSh va Xitoy o’rtasidagi savdo urushi avj olib borarkan, 2018-yilning may oyidan buyon soya narxi deyarli 20 foizga tushib ketdi. Tariflar nafaqat AQSh dehqonlari yetishtirayotgan mahsulotlar eksportiga, balki fermerlarning so’nggi besh yilda pasayib borayotgan daromadiga ham jiddiy tahdid solmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh fermerlari: Tramp tariflaridan bo'g'ilib qoldik

Tramp ma’muriyati vaziyatni o’nglash uchun maxsus yordam loyihasi ishlab chiqqani bilan, dehqonlarning bu reja ish berishiga ko’zi yetmaydi.

Fred Grider Illinoys shtatida soya yetishtiradi. U kabi fermerlar har yilgi daromaddan mamnun edi.

Agar savdo urushi avj olaversa, Tramp o’rnatgan tariflar tufayli dehqonlar xorijdagi mijozlarini yo’qotishi, xususan, Fred Grider har bir gektardan 50 dollarga yaqin zarar ko’rishi mumkin.

“Bo’g’ilib qoldik, axir”, - deydi Fred Grid.

Tramp ma’muriyati dehqonlarga noqulaylik tug’dirganini tan olib, AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi talabiga binoan 12 milliard dollarlik yordam dasturini joriy etdi.

“12 milliardni olsag-u, uni loviya uchun sarflasak, shunda har bir gektarga besh-olti dollar atrofida tushadi. Bizning kamomadimiz esa har bir gektardan 50 dollar. Qolgan 40-45 dollarni qanday qoplaymiz?!”, - deydi dehqon.

Fred Grider loyiha ish berishiga ishonmaydi. Bunaqa yordam olgandan ko’ra, o’zi savdo qilishni afzal biladi.

“Qishloq xo’jaligi vazirligi qayg’urayotgani yaxshi, lekin hamma gap raqamlarda, tariflarda. Bunaqa savdo urushi dehqonlarni xonavayron qiladi”, - deydi u.

“Ahvolimiz tabiiy ofatdan emas. Xudoning xohishi ham deya olmaymiz. Insoniyat o’z qo’li yaratayotgan fojea bu”, - deydi Mark Albertson.

Mark Albertson Illinoys Soya assotsiatsiyasida Bozor strategiyasi bo’limi boshlig’i. Uning aytishicha, fermerlar Xitoy bilan savdo aloqalaridan ko'radigan zarar 2012-yilgi qurg’oqchilikdan ko’ra ko'proq bo'ladi.

“Ishni bir tizimga tushirib olgandik. Kelasi yilni chamalab, yana qancha ekin ekishni cho’tlay olardik. Endi yanagi yil qanday bo’lishini, nima qilishni bilmay qoldik. Savdo urushi tez orada tugaydiganga o’xshamaydi. Bunaqada Xitoy bilan savdo kelishuvlarimizni Braziliyaga boy beramiz”, - deydi Mark Albertson.

Fred Grider ham xuddi shunday xavotirda.

“Braziliya doimiy kuchayib borayotgan asosiy raqib. Bir marta mijozlarimizni berib qoysak, ancha yillar qaytib ololmay qolamiz. Eng xavotirlisi bir yil emas, bu yo’qotish uzoq yillarga cho’zilib ketadi”, - deydi u.

Yana bir muammo, dehqonlar sotilmagan soyani nima qilish kerakligi haqida ham bosh qotirishi kerak.

“Soyalarni zaxirada saqlash borasida rekord o’rnatsak kerak. Tajribadan bilamizki, bunday holatlarda soya narxi keskin tushib ketadi”, - deydi Mark Albertson.

Lekin dehqonlar hamon dalada. Xitoydan boshqa davlatlarda soyaga ehtiyoj oshar yoki AQSh don mahsulotlari obro’si to’kilmasdan, Prezident Donald Trampning savdo taktikasi ish berib qolar, degan umidda.

“Prezidentning qilmoqchi bo’lgan ishi yaxshi, lekin qo’llayotgan usuli to’g’ri emas”, - deydi Fred Grider.

Donald Trampning kurash uslubi fermerlar daromadini kamaytirishi aniq.