Vashingtonda uyg'ur masalasiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy anjuman

Robiya Qodir anjumanga sharqu g'arbdan, xususan, Rossiyadan uyg'urshunos olimlar kelganini yutuq deb hisoblaydi.

Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida etnik to’qnashuvlarning yangi to’lqini, Pekinda esa uyg’ur olimi Ilhom To’xtining qamalishi ortidan Vashingtonda katta bir ilmiy anjuman o’tdi. Uyg’ur masalasiga bag’ishlangan va g’arbu sharqdan o’nlab olimlarni bir davraga yig’gan birinchi xalqaro konferensiya (First international conference on Uyghur studies, history, culture and society).

Your browser doesn’t support HTML5

Uyg'urlar masalasiga doir xalqaro ilmiy anjuman - Vashington - Nasiba Tohir

Your browser doesn’t support HTML5

Kara Abramson, independent scholar-Understanding and promoting human rights in Xijiang

Your browser doesn’t support HTML5

Omer Kanat of World Uyghur Congress-Uyghur identity, language

Your browser doesn’t support HTML5

Kayum Masimov, Canada-Uyghur Society president-Uyghurs and Central Asia

Xitoyni bu elatga adolatsiz muomalasi uchun siquvga olish va To’xtiga qo’yilgan ayblovni qaytarib olishga undash uchun qulay fursat bu, deydi qatnashchilar.

Vashingtondagi anjumanda professor Ilhom To’xtining ismi bot-bot yangradi. Mutaxassislar hamkasb muallimning “bo’lginchilik” ayblovi bilan bir umrga qamalganidan qayg’uda.

Indiana universitetidan Gardner Bovingdon Ilhom To’xtining darsidan olingan suratlarga e’tibor qaratadi. Uning ma’ruzalari paytida talabalar ham, muallim ham videoga yozib borilgan. “Bu tasmalar yordamida hukumat studentlarni qo’rqitgani, Ilhom To’xtiga qarshi ko’rsatma olgani muqarrar. Xitoy hukumati ko’cha-ko’yda, sinfxona va masjidda mana shunday kameralar o’rnatib aytmoqchiki, uyg’ur xalqiga ishonch yo’q. Pekin bu elatga ishonmaydi va uni muntazam kuzatib borayapti”, - deydi professor Bovingdon.

Konferesiyada deyarli har bir qatnashchini qo’l berib kutib olgan uyg’ur yetakchisi Robiya Qodir (Rebiya Kadeer) Ilhom To’xti haqida kuyib gapiradi. “Uyg’ur farzandi va dunyoga tanilgan olimi qamoqqa tashlangani katta yo’qotish. Bu elatning madaniyati, tilini himoya qilib kurashgan va bo’lginchilikni rad etgan olimni qamashdi”, - deydi Robiya Qodir.

“Ilhom To’xti Xitoy hukumati va uyg’urlar o’rtasida tinchlik uchun tirishgan edi. Shunga qaramasdan uni terrorizm, separatizm targ’ibotida ayblab qamashdi. Uning ko’prik bo’lishidan, uyg’ur va xitoylarni birlashtirgan bir vakil bo’lishidan umidim katta edi”, - deydi Robiya Qodir.

Dunyo bo’ylab 20 millionga yaqin uyg’ur borligi taxmin qilinadi. Ularning yarmi Xitoyda, asosan Shinjonda istiqomat qiladi.

Uyg’ur faollar va bu elat taqdiri bilan tanish olimlar Xitoyni o’z siyosatini yangilashga undab keladi. Bugun bu chaqiriqqa “Ilhom To’xti ozod etilsin” degan talablar ham qo’shilgan.

Indiana universiteti olimi Gardner Bovingdon

Jahon Uyg’urlari Kongressi vitse-prezidenti Umar Qanot (Omer Kanat):

“Endi uyg’ur jamoasi chetdagi barcha kuchlarni harakatga keltiradi. O’zlari yashayotgan davlatlarda hukumatlarga va fuqarolik jamiyatlariga chiqib, Xitoy rahbariyatiga bosimni oshiradi. Toki Xitoy hukumati o’zining adolatsiz qarorini qaytarib olsin. Ilhom To’xtini qo’yib yuborishlari uchun qo’ldan kelgan barcha ishlarni qilamiz”, - deydi u.

Uyg’ur olimi mustaqillikni targ’ib qilganlik aybi bilan ozodlikdan mahrum etilishi o’zi mantiqqa zid, deydi amerikalik huquqshunos Kara Abramson. Mustaqillik haqida gapirish ayb emas. Istiqlol yomon, qabih bir so’z emas.

Professor, tarixchi olim Maykl Dillon (Michael Dillon)

Nima uchun Shotlandiya kabi o’lkalar bu haqda so’zlay oladi-yu, uyg’urlar bu huquqdan mahrum qilingan, deya so’raydi olima. Uning aytishicha, bunda ham rasmiy Pekinning, ham G’arbning aybi bor. “Uyg’ur, musulmon, terrorizm, mustaqillik - bularning barchasi salbiy bir ma’no orttirgan”, - deydi Kara Abramson.

Jorj Vashington universiteti professori Shon Roberts (Sean R. Roberts)

Bu orada, Umar Qanot konferensiyaga xitoy olimlari jalb qilinmaganini shunday tushuntiradi:

“Munozara, bahs uyg’onishini xohlamadik. Albatta, xitoy olimlari bor, lekin ularning barchasining ortida siyosiy maqsadlar bor. Ular hech zamon xolis, betaraf yondasha olmaydi uyg’urlar masalasiga. Mana lekin G’arb ekspertlari qatnashayapti. Rossiya olimlari keldi. Rossiya mutaxassislari bu jihatdan qaysidir ma’noda xolis yondasha oladi. Ruslar masalada chuqur izlanishlar olib borgan va bu ma’lumotni o’rtoqlashish imkonini yaratmoqchi bo’ldik”, - deydi u.

Har qanday davlatda, jumladan, Qo’shma Shtatlarda ham muvaffaqiyat qozonish uchun odam jamiyatga singib ketishi kerak. Shu yurtning tili va madaniyatiga singib keta olish muhim. Umar Qanot nazarida AQShdagi elatlar va Xitoydagi uyg’urlar ahvolini qiyoslash to’g’ri emas.

“Uyg’ur xalqi o’z vatanida, o’z tuprog’ida bo’la turib madaniyati, tilini qo’ldan boy beray deb turibdi. Tajovuzkor, ishg’ol etuvchi bir kuch uyg’ur xalqini ezayapti. Tilini, madaniyatini yo’qotishga harakat qilayapti. Biz mana shu kuchga qarshi kurashayapmiz. Amerikaga kelib moslashib ketgan inson bilan Xitoyda tilini unutishga majbur qilinayotgan uyg’ur xalqi o’rtasida farq juda katta”, - deydi Jahon Uyg’urlari Kongressi vakili.

Qayum Masimov (Kayum Masimov) Kanada-Uyg’ur jamiyatini boshqaradi. U uyg’ur davlatchiligini Markaziy Osiyo xalqlari birdamligi bilan bog’laydi.

Uyg'ur yetakchisi Robiya Qodir "Amerika Ovozi" Xitoy xizmati bilan suhbat qilayapti

“Markaziy Osiyodagi besh davlat 1990-yillar boshida mustaqil deya e’lon qilingan bo’lsa-da, bu o’lkalarda yashovchi xalqlar hur, erkin bo’lgani yo’q. U yerlar ham Turkiston. Biz Sharqiy Turkistondamiz, u tomonlar G’arbiy Turkiston. Bu ikkisi bog’lanib ketgan bir muammo. Umid qilamanki, bir kun kelib o’zbek, qozoq qarindoshlarimiz uyg’onib, yerlik zulmdan qutulganidan keyin ziyolilar uyg’ur masalasini ham ko’tarib chiqadi. Afsuski, bugun chet eldagi faollar asosan G’arb dunyosida ishlay olayapti. Markaziy Osiyoda, qardoshlarimiz yashaydigan davlatlarda bu ishlarni afsuski qilolmayapmiz. U yerdagi siyosiy tuzumlar afsuski shunday”, - deydi Qayum Masimov.

Jorj Vashington universiteti, Markaziy Osiyo bo'limi rahbari Marlen Laruel (Marlene Laruelle)