Jahonda oziq-ovqat tanqis

  • Amerika Ovozi

BMT Oziq-ovqat tashkiloti Somalida yegulik ulashmoqda

BMTning Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi kuchaymoqda. Yegulik narxining oshayotgani, iqlim o'zgarishi, siyosiy beqarorlik ko'plab rivojlanayotgan mamlakatlarda tanqislikka yetaklovchi omillardan.

Jahon oziq-ovqat tashkiloti yillik hisobot chiqarib, qimmatchilikka hali-beri barham berilmasligini bashorat qilmoqda.

Ayniqsa importga qaram Afrikada vaziyat og'ir. Iqtisodiy yo'qsillik sabab xaridorda pul yo'q, fermerlar ko'p hosil yetishtirish quvvatiga ega emas.

Jahon oziq-ovqat tashkiloti rasmiysi Gregori Barrovning aytishicha, bunday o'lkalarda aholi daromadining 60-80 foizini yegulikka sarflaydi.

Agar narxlar hozirgidan oshgudek bo'lsa, bunday oilalar hayoti yanada og'irlashadi. Tashkilot hisobiga ko'ra, narx bir oz oshsa ham, uzoq muddatda inson taraqqiyoti va salomatligiga jiddiy ta'sir qiladi. Masalan, endi tug'ilgan go'dak hayotining ilk uch yilida to'yib ovqatlanmasa, ruhiy va jismoniy tomondan zaiflashishi, bu esa kelajakda uning o'z oilasi uchun pul topish salohiyatini tushirishi aniq.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yilgacha jahon bo'ylab ochlikka yuz tutgan odamlar sonini 50 foizga tushirishni maqsad qilib, joylarda ayrim dasturlarni ishga solmoqda. Ammo mutaxassislar nazarida kelasi uch yilda rejaning amalga oshishi amri mahol.