BMT Isroilning G’azodagi hujumlarini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti so’nggi ikki kunda G’azoda yuzlab odamning o’limiga sabab bo’lgan Isroil hujumlarini qoralamoqda. Isroil artilleriyasi va samolyotlari sektorga ayovsiz zarba bermoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-dekabr, 2023-yil

Rafah shahrida shaxsi aniqlanmagan 80 falastinlikning jasadi ommaviy qabrga qo’yildi. Jasadlarni Falastin tarafiga Isroil topshirgani aytilmoqda.

Isroil tinch aholini himoya qilishga harakat qilayotganini bildirishiga qaramay, qurbonlar soni oshib bormoqda.

Xon-Yunusda to’ng’ich o’g’lini yo’qotgan bir odam urushdan oldin o’g’li Turkiyaga borib o’qimoqchi bo’lganini aytadi.

Isroil Qurolli kuchlari bosh shtabining boshlig’i general Xersi Xalevi urush hali ancha davom etishini ma’lum qildi.

“Terrorchi tashkilotni yo’q qilishning oson, sehrli yo’llari yo’q. Bunga faqat qat’iy kurash orqali erishish mumkin, xolos”, - dedi u.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining G’azoga bir necha kun oldin borgan tibbiy guruhi rahbari Shon Keysi G’azo kasalxonalariga tinmay yaradorlar yetkazilayotganini aytadi. Ayniqsa 24-dekabr kuni G’azo markazidagi Mag’azi qochqinlar lageriga hujum ketidan al-Aqso kasalxonasi yaradorlar bilan to’lgan, yerda yotgan bemorlar va bolalarning o’layotgani tasvirlangan video tarqaldi.

7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida salkam 21 ming falastinlik o’lgan.

G’azoga tutashmagan va XAMAS boshqarmaydigan G’arbiy Sohilda ham falastinliklar o’lmoqda. 7-oktabrdan beri taxminan 300 odam qurbon bo’lgan.

Chorshanba kuni Tulkarm shahridagi Nur-Shams qochqinlar lagerida Isroil reydi paytida dron hujumida olti nafar yosh falastinlik halok bo’lgan.

Mahalliy aholi ularning na jangari, na mujohid bo’lganini, Isroil hududda snayperlarni ishga solganini aytadi.

G’azoning urushdan keyingi taqdiri qanday bo’ladi?

G’azoda urush tugaganidan so’ng sektorni qanday kelajak kutmoqda, uni kim boshqaradi? Falastin Muxtoriyati boshqaruvni o’z qo’liga olishga hozir, biroq Isroil bunga qarshi.

“Hatto AQSh, Isroil, mintaqadagi arab davlatlari va xalqaro hamjamiyat ham bu masalada kelisha olgani yo’q”, - deydi Qohiradagi al-Azhar universitetidan Mxaymer Abu Sada.

AQSh Prezidenti Jo Bayden urushdan so’ng G’azo Sektorini yangilangan Falastin Muxtoriyati boshqarishini xohlaydi. Falastinliklarning kamida 80 foizi muxtoriyatning hozirgi prezidenti, 88 yashar Mahmud Abbosni qo’llab-quvvatlamaydi, uni poraxo’r va samarasiz deb biladi, G’arbiy Sohilni yaxshi boshqara olmayotganini aytadi.

Muxtoriyat G’azoni 2006-yildan oldin boshqargan, biroq saylovda XAMASga boy berib, so’nggi 17 yildan beri Falastinda qo’sh hokimiyat hukm surmoqda.

17 yildan beri saylov ko’rmagan falastinliklar hokimiyatga yangi odamlarning kelishini istaydi.

“Xalqaro hamjamiyat sog’liqni saqlash, ta’lim kabi texnokratik boshqaruvni ta’minlay oladigan rahbar-mutaxassislarni qidirmoqda. Falastinliklarga esa ularning huquqlarini himoya qila oladigan, hurmatga sazovor rahbariyat kerak”, - deydi Bryusseldagi Xalqaro inqirozlar guruhidan Tahani Mustafo.

Yaqinda Misr uch bosqichli tinchlik rejasini taklif etdi. Unda ikki haftalik otashkesim e’lon qilish, 40 nafar isroillikni garovdan ozod etish, Falastinda saylov o’tkazish uchun texnokratik hukumat tuzish va nihoyat garovdagi barcha isroilliklarning ozodligi evaziga to’liq sulh e’lon qilish, barcha falastinlik mahbuslarni Isroil qamoqxonalaridan chiqarish, Isroil qo’shinlarini G’azodan butunlay olib chiqish ko’zda tutilgan.

Biroq Misr rejasida XAMASning tarqatilishi tilga olinmagan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga esa bu to’g’ri kelmaydi. Ayrim isroilliklar XAMASni butunlay yo’q qilish mumkin emasligini aytadi.

“XAMAS avval g’oyadir, so’ng tashkilot. Uni yo’q qilib bo’lmaydi. Minglab XAMAS terrorchilari va siyosiy rahbarlari hozirgi urushda o’ldirilsa ham, G’azoda va hatto G’arbiy Sohil kabi boshqa joylarda ularning o’n minglab tarafdorlari bor”, - deydi Tel-Aviv universitetidan Maykl Milshtayn.

Netanyaxu G’azo kelajagini na XAMAS, na Falastin Muxtoriyati belgilashini istaydi. Biroq o’zi ham hozircha sektor boshqaruviga doir rejasini ochiqlagani yo’q. G’azoni boshqarish masalasidan tashqari uni qayta qurish masalasi muhim va hozircha muhokama qilingani yo’q.