2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishi ketidan Kiyevni pul va qurol bilan faol qo’llab-quvvatlagan Germaniya harbiy yordamni 50 foizga kesish ustida o’ylanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Keyingi yil davlat byudjetida 8,8 milliard yevrolik yordamni 4,4 milliard yevroga tushirish ko’zda tutilgan.
Muxolifat uchta siyosiy partiyadan iborat koalitsion hukumatni Ukrainaga xayrixohlikdan voz kechayotganlikda aybladi. Biroq ulardan birining vakili bu da’volarni inkor etmoqda.
"Hukumatdagi partiyalarning barchasi – sotsial-demokratlar, yashillar va liberallar Ukrainani to’liq qo’llab-quvvatlaydi. Sotsial-demokratlarda “tinchlikka qurolsiz erishish kerak” degan eski e’tiqodga biroz ishonch qolgan ko’rinadi. Bu albatta zo’r, ammo Putinning miyasidan bunday fikr chiqayotgani yo’q”, - deydi Erkin demokratlar partiyasidan Ulrix Lexte.
Hukmron partiyalarning rasmiy izohi shuki, Ukraina Rossiyaning muzlatilgan mulklari va pullaridan tushayotgan foizlardan manfaat ko’rishi mumkin.
Biroq haqiqat shuki, 2022-yil o’rtasidan beri sanksiyalar sabab Germaniya Rossiyadan arzon tabiiy gaz xarid qilishni to’xtatib, Norvegiya kabi mamlakatlardan ancha qimmatroqqa import qilishga majbur bo’ldi.
Iqtisodchilarga ko’ra, bu Germaniyada inflyatsiyaning oshishiga sabab bo’ldi. 2022-yilda uning darajasi 10 foiz edi.
“2022-yilda energiya va xarajatlar 50 foizga ko’tarildi. So’nggi uch yilda Germaniyada oziq-ovqat narxi 35 foizdan ko’pga oshdi", - deydi Germaniya iqtisodiy tadqiqot instituti rahbari Marsel Fratsher.
Berlinliklar ham inflyatsiya yuqoriligidan norozi.
“Narx qattiq oshdi. Transportga, oziq-ovqatga, hamma narsaga”, - deydi biri.
“Restoranga borish ancha qimmatga tushyapti hozir. Odamlar restoranga bormay qo’ygan, hamyonga qattiq uryapti”, - deydi bir ayol.
Ultra o’ng qanot va so’lchi radikallar ushbu vaziyatdan foyda chiqarishga intilmoqda. Ular parlamentda ozchilikda bo’lsa ham ularga xayrixohlik kuchaymoqda.
Sara Vagenknextning so’lchi partiyasi 733 a’zolik Bundestagda atigi 10 deputatga ega. Fraksiya Ukrainaga yordamni to’xtatishga chaqiryapti.
“O’lim va urushga chek qo’yishni istaganlar Ukrainaga qurol emas, diplomatlarini yuborishi kerak”, - deydi partiya vakili Sevim Dagdelen.
Parlamentda 116 ta a’zosiga ega o’ng qanot “Muqobil Germaniya” ham shunday fikrda.
“Resurslarimizning Ukrainaga yuborilishini istamaymiz. Ular mamlakatimizni mudofaa qilish uchun o’zimizga kerak”, - deydi fraksiya raisining o’rinbosari Norbert Klaynvaxter.
Ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, Ukrainani qo’llab-quvvatlashga tayyor nemislar soni kamaymoqda.