Gretsiyada o'tgan hafta o'tkazilgan parlament saylovlarida hech bir partiya ko'pchilik o'rinlarga ega bo'lolmagach, eng ko'p ovoz olgan uch partiya koalitsion hukumat tuzishga harakat qilmoqda. Bugun partiyalar sardorlari prezident Karolos Papulias bilan uchrashgan.
Konservativ "Yangi Demokratiya", o'ta liberal "Siriza" hamda "PASOK" sotsialistlar partiyalari hanuz savdolashmoqda. Davlat rahbari parlamentga kirishga muvaffaq bo'lgan maydaroq partiyalar liderlari bilan ham uchrashishi kutilmoqda.
Muzokaralar payshanbagacha natija bermasa, iyunda saylovlar yangidan o'tkazilishi mumkin. Qarzga botgan Gretsiya xalqaro moliyaviy institutlardan kredit olishga umid qilar ekan, hukumatdan keskin iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Koalitsiya tuzishga harakat qilayotgan partiyalarning bir qismigina bunga rozi.
"Siriza" partiyasi nazarida esa saylovchilar ijtimoiy dasturlar uchun mablag'larning qisqartirilishiga qarshi. Soliqlarni oshirish, nafaqalarni kesish, davlat xizmatchilari sonini kamaytirishga doir islohotlar mamlakat bo'ylab namoyishlarga sabab bo'lgan.
Gretsiya moliyaviy institutlar talablarini bajarmasa, defoltga uchrab, yevro bilan muomala qilayotgan 17 davlat hamjamiyatini birinchi bo'lib tark etishi mumkin.