Yillardan buyon dengizdagi chegaralari ustida nizolashib kelayotgan Turkiya va Gretsiya 25-yanvar kuni muzorakani davom ettirishga tayyor. NATOga a’zo ikki davlat delegatsiyalari 2002-2016 yillar oralig’ida 60 marta uchrashgan, ammo natija bo’lmagan.
Turkiya va Gretsiya orasidagi o’nlab yillik ziddiyatlarni yumshatish bo’yicha muzokara Istanbulda o’tadi.
Ikki davlat o’ziniki deb da’vo qilayotgan suvlarda muntazam ravishda harbiy mashg’ulotlar o’tkazib kelmoqda. O’rta va Egey dengizlarini ajratuvchi hudud energetik zaxiralarga boy ekani aytiladi.
Buni ham ko'ring O'rta dengizda Turkiya-Gretsiya ziddiyatlari kuchaymoqda“Ikkala tomonda ham yon bermaslik tarafdorlari bor. Ular muzokarani yirik murosa deb bilishadi. Muloqot aniq natija bilan tugamagan taqdirda ham, Turkiya va Gretsiya hozirgi keskinlikdan chekinadi degan umid bor”, - deydi professor Serhat Guvench.
Qariyb besh yillik tanaffusdan so’ng muzokarani qayta boshlashga undagan Anqara dengizdagi bahsli hududdan tadqiqotchi kemasini chaqirib olgan.
Turkiyaning diplomatik qadamlarini Yevropa Ittifoqi kuzatib turibdi va kuchli sanksiyalar muhokamasini mart oyiga qoldirgan. Afina esa Turkiyani uning hududida gaz konlarini qidirayotganlikda ayblab, ittifoqdan uni jazolashni talab qilmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, Gretsiya muzokaradan ko’p narsa kutayotgani yo’q.
“Tomonlar muzokara o’yinini o’ynayapti xolos. Hech kim uchrashuvlarning 61-raundidan biror natija bo’lishini kutmasligi kerak. Oldingi 60 muloqot natijasiz tugagan, bunisi ham shunday tugaydi”, - deydi siyosiy tahlilchi Chingiz Aktar.
Turkiya Tashqi ishlar Mavlut Chovusho’g’li muzokara natijasida Yevropa Ittifoqida yuzaga kelgan xayrixohlikdan foydalanib qolmoqchi. Munosabatlarni tubdan o’zgartirish tarafdorimiz, deydi vazir. Biroq Bryussel bu so’zlarning isbotini, ya’ni Anqaradan konkret qadamlar kutmoqda.
“Turkiya tobora yakkalanib qolmoqda. Hukumatning muammosi shu. Turkiya prezidentiga bo’lgan ishonch yemirilishi haqida gap ketyapti. Yevropa Turkiyaning bayonotlaridan charchadi, ular Anqaraning so’zdan ishga o’tishini kutmoqda”, - deydi professor Huseyn Bagchi.
Jo Bayden ishga kirishar ekan, Turkiyaga diplomatik bosim kuchayishi kutilyapti. Tahlilchilar fikricha, AQShning yangi rahbari Anqaraga nisbatan keskinroq siyosat yuritadi.
Istanbulda o’tadigan muzokaralar natijasi nafaqat Turkiya-Gretsiya aloqalari, balki Anqaraning G’arbdagi ittifoqchilari bilan munosabatlariga ham ta’sir ko’rsatishi mumkin.