Amerika professional futbol ligasining 100-mavsumi ochilish arafasida. Mavsum Chikago va Grin-Bey shaharlarining eng eski jamoalari – “Beyers” va “Pekers” o’yini bilan boshlanadi. Jamoalar ilk bor 1921-yilda to’qnashgan. “Grin-Bey Pekers” jamoasi Viskonsin shtatining shimoli-sharqiy burchagida. Jamoaning boshqalardan farqli o’ziga xos jihatlari ko’p.
Futbol mavsumi boshlanmasdan turib iyul oyi boshida Gren-Bey shahridagi Lembo stadioniga to’rt ming odam yig’ildi.
Bular shunchaki ishqibozlar emas, balki foyda ko’rishni ko’zlamaydigan “Grin-Bey Pekers” jamoasining hissadorlaridir.
“Viskonsinliklar va boshqalar jamoaning bir qismiga egalik qilishi ajoyib”, - deydi aksiyadorlardan biri Piter Kaufman.
Aksiyalarning so’nggi savdosida bitta hissa 250 dollarga baholangan. Aksiyadorlar yillik investorlar yig’ilishiga kelishi, jamoa boshqaruv kengashi a’zolari uchun ovoz berishi mumkin. Aslida bu aksiyalar xayriyaning bir turi. Chunki ulushlar daromad keltirmaydi, qiymati oshmaydi, sotilmaydi ham.
Jamoa prezidenti Mark Murfiga ko’ra, jamoa aksiyadorlar qo’lida bo’lmaganida allaqachon tarqab ketardi.
“Jamoaga shu shaklda egalik qilinmaganda u yashab qolmagan bo’lardi. Shu paytgacha besh marta aksiya sotdik. Dastlabki uch savdo jamoaning saqlanib qolishi uchun muhim ahamiyatga ega bo’ldi”, - deydi u.
“Pekers” jamoasi 1919-yilda tashkil topgan. Unga mahalliy go’sht qadoqlovchi firma nomi berilgan. 1921-yilda Milliy futbol ligasi tarkibiga kirgan. 1922-yildan boshlab jamoa faoliyatini saqlab qolish maqsadida aksiyalar sotuvga qo’yilgan.
Tarixchi Klif Kristl jamoaning tarqab ketmasligiga yana bir sabab bor, deya Grin-Bey shahrining kichik bir siri haqida aytdi.
“Shahar taqiqdan hech qachon to’xtab qolmagan”, - deydi u.
Tarixchi 1920-1933-yillarda Amerikada spirtli ichimliklar sotuvi va iste’moliga qo’yilgan taqiq davrini nazarda tutyapti. Grin-Bey shahri bu qonunga bo’ysunmagan. Shu tariqa kichik shahar mashhurlikka erishgan. Ko’plab jamoalar bu yerga kelib pul sarflagan.
“Jamoalarni qo’llab-quvvatlovchilar yetarli emas edi. Jamoaning qo’li kalta bo’lgan. Biroq mehmon jamoalar bu yerga kelishni yaxshi ko’rardi. Erta kelib kechgacha qolishardi”, - deydi tarixchi.
Taqiq tugatilgandan so’ng, “Pekers” jamoasining davri keldi, ko’p yutuqlarga erishdi. Jami 13 marotaba chempion bo’lgan. Mulliy futbol ligasining eng oldi jamoasiga aylangan. Eng muhimi, deydi jamoa rahbari, aksiyalar sotilishi jamoaga og’ir davrlarda qo’l kelgan.
“Liganing kelajagi uchun ham jamoamiz borligi yaxshi. Avvalgi rahbar Bob Harlen doim “Professional sport jamoalari ichida eng yaxshi hikoya shu jamoaniki”, der edi. “Pekers” barcha imkoniyatlarini ishga solib muvaffaqiyatga erisha oldi”, - deydi Mark Murfi.
Milliy fulbol ligasi qoidalariga ko’ra, jamoalar o’ziga xosligi himoyalanadi, o’xshash model asosida jamoalar tashkil qilishga yo’l qo'ymaydi. “Pekers” futbol jamoasi Grin-Bey shahri brendiga aylanib bo’lgan.